Surxondaryo viloyatida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, ularda Vatanga daxldorlik hissini uyg‘otish, harbiy sohaga qiziqish va intilishlarini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, iqtidor hamda iste’dodini ro‘yobga chiqarish, hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mudofaa vazirligining harbiy qismlari shu maqsadda ta’lim muassasalarida turli harbiy-vatanparvarlik tadbirlari tashkil etib, o‘quvchilarning ona Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, buyuk ajdodlarimiz an’analariga hurmat tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Termiz garnizonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilarining viloyat markazidagi 26-maktab o‘quvchilari uchun uyushtirgan harbiy-vatanparvarlik festivali ham qiziqarli lahzalarga boy bo‘ldi.
“Yoshlar ¬milliy armiya nigohida” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda harbiy qism harbiy xizmatchilari, maktab o‘quvchi-yoshlari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Festivalda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yosh avlodning har taraflama barkamol ulg‘ayishi uchun ko‘rsatilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Jahondagi o‘ta murakkab hozirgi sharoitda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning ahamiyati, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishning o‘rni to‘g‘risida fikr almashildi.
Festivalda faxriy qorovul hamda qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Surxondaryo viloyat kengashining sport texnikalari ko‘rgazmasi yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Harbiy orkestr ijrosidagi Vatan, tinchlik, to‘kin hayot va yurtga sadoqat madh etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bir olam quvonch ulashdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri