Maktab partasidan katta Olimpiadagacha bo‘lgan masofani qisqartirgan adolatli tizim
Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlaridagi ulkan g‘alabalarga, olamshumul muvaffaqiyatlarga o‘z-o‘zidan erishilmaydi.
Dunyoning 200 dan ziyod davlatlarining eng mahoratli va chapdast sportchilari orasida birinchi bo‘lish, ularni dog‘da qoldirish oson kechmasligi aniq. Bunday sharaf ortida mashaqqatli mehnat, izlanish, saralash, iste’dodlarni kashf etish, ularni ma’lum maqsadlarga yo‘naltira bilish hamda zarur shart-sharoitlarni yaratishdek tizim turishi barchaga kundek ravshan.

– Dunyo tajribasidan, ilg‘or mamlakatlarda amal qilinayotgan yondashuvlardan ma’lumki, yuksak g‘alabalarga erishayotgan sport jamoalari va sportchilar uchun o‘quv-mashg‘ulotlar, saralash musobaqalari, xalqaro turnirlar mundarijasi o‘zaro uzviylik asosida tashkil etiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov. – Bugun iftixor bilan ta’kidlash lozimki, qisqa fursatda mamlakatimiz jismoniy tarbiya va sport hayotida ham ayni tizim to‘laqonli yo‘lga qo‘yilishi borasida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yildan boshlab yurtimiz yoshlari uchun chinakam sport bayrami bo‘lish bilan birga, salohiyatli sportchilarni tanlashga qaratilgan uch bosqichli “Prezident olimpiadasi”ning yo‘lga qo‘yilgani yangi O‘zbekiston sportining tarixiy yuksalish poydevorini yaratishga asos bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ta’kidlash o‘rinliki, bir yil muqaddam ushbu musobaqalar 10 ta sport turida o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yildan 21 ta olimpiya va 5 ta paralimpiya sport turlarini qamrab olgani uning ko‘lami yanada oshganidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, “Prezident olimpiadasi” sport musobaqalarining joriy yilgi mavsumi 21 ta olimpiya sport turi bo‘yicha 12-14 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilishi belgilanganligi iqtidorli sportchilarni yoshligidan saralash, aniqlash imkoniyatini taqdim etdi.
Uch bosqichdagi musobaqalarning “tuman va shahar hokimi olimpiadasi” sifatidagi I-bosqich musobaqalari 208 ta tuman va shahardagi 324 ming nafardan ziyod yoshlarning qamrab olinishini ta’minladi.
Dastlabki bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 13 ming 195 nafar qizlar va 16 ming nafardan ziyod sportchi o‘g‘il bola 2-bosqichda, ya’ni hududiy bosqich sanalgan “Hokim olimpiadasi”da ishtirok etish huquqiga ega chiqdi.

E’tiborli jihati, “Prezident olimpiadasi”ning ilk bosqichidan sportchi yoshlarning raqamlashtirishdan o‘tkazilishi mamlakatimizda sportchi va murabbiylarning yagona elektron bazasi shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Endilikda bu tizim orqali har bir sport turi bo‘yicha iqtidorli sportchilar monitoringini yuritish va ularning erishgan natijalarini tahlil qilish uchun zarur ma’lumotlar shakllanmoqda.
“Prezident olimpiadasi” musobaqalari nafaqat sport maktablari yoki maxsus klublarda shug‘ullanayotgan yoshlarni, balki umumta’lim maktab o‘quvchilarning ishtirokini ta’minlashga qaratilganligi tufayli tanlovning shaffofligini ta’minlab, iste’dodlarni saralash maydonini kengaytirdi.
Bu yilgi dastlabki bosqich musobaqalarida 300 ming nafardan ziyod maktab o‘quvchilari va ularga ta’lim berayotgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining qatnashganligi ta’lim dargohlariga, mamlakatimizning chekka-chekka qishloq va mahalla yoshlari qalbiga chempion bo‘lish orzusini joyladi.
Bu yilgi “Prezident olimpiadasi” respublika final bosqichi musobaqalarida qariyb 4 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etmoqda. Ularning sport bilan shug‘ullanish geografiyasiga qarasangiz, barchasi turli darajadagi sport maktablari, to‘garaklarining vakillari. Ular 2 ta bosqichda saralangan, tengdoshlari orasida o‘z iqtidorini namoyish etgan yoshlar.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, II-bosqichda 3 ming 753 nafar sportchilar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shundan, 1753 nafari sport, 932 nafari ixtisoslashtirilgan sport maktablari, 830 nafari olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, 94 nafari umumta’lim maktablari, 62 nafari davlat ixtisoslashtirilgan sport internatlari, 61 nafari mahorat maktablari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Bu nimadan dalolat? Ayni manzara ushbu yosh toifasidagi sportchi yoshlarni sport mashg‘ulotlariga, ommaviy musobaqalarga jalb etish borasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar tahlilini qayta ko‘rib chiqish, ularning doimiy monitoringini yuritish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh, bu yilgi “Prezident olimpiadasi” musobaqalari avvalgi musobaqalardan yana nimasi bilan farq qiladi?
Aytish lozim, bu yilgi musobaqalar qamrovi yanada ortishi bilan birga unda oltin medalni qo‘lga kiritganlar 10 million so‘m, kumush medal sohiblari 5 million va bronza medal egalari 3 million so‘m bilan taqdirlanadi.
Musobaqalarni boshqarib borishda ming nafarga yaqin hakam, texnik vakillar bevosita ish olib borsa, yoshlar terma jamoalarining murabbiylari, seleksioner mutaxassislar iqtidorli yoshlarni tanlash, saralash tizimlarida ishtirok etadi.
“Prezident olimpiadasi” final bosqichida qatnashish baxtiga erishgan yoshlarga e’tibor qaratsangiz, ularning biri Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynog‘idan, yana biri olis Surxonning Bandixonidan, yana biri Farg‘onaning so‘lim Vodilidan.
Bugun poytaxtimizda yuzlab 12-14 yoshli sportchilarimiz beg‘ubor qalblariga katta orzularni jo etib, “Prezident olimpiadasi” maydonida g‘oliblik uchun kurashga kirishdi.

Nigohlarida ertangi muvaffaqiyatlarga erishishiga umidi beqiyos sportchi yoshlar “Prezident olimpiadasi” musobaqalarida qatnashayotganligidan shod. Niyati Olimpiada maydonlarida, Jahon chempionatining shiddatli bellashuvlarida muvaffaqiyatga erishib, o‘z iqtidorini namoyish etgan holda yangi O‘zbekiston nomini ulug‘lash.
Istagimiz, umidi oppoq, orzulari osmon yoshlarimiz ulug‘ maqsadlarga erishib, yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlash yo‘lida sobit bo‘lsin.
Shu o‘rinda bir mulohaza. O‘tgan yillar davomida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar olimpiadasi”, “Prezident olimpiadasi”, mahalla, maktab va oliy ta’lim tashkilotlarida, vazirlik va qo‘mitalarda o‘tkazilayotgan turli miqyosdagi musobaqalar, turnirlar, ommaviy sport harakatlari natijasida aholining ommaviy sport bilan qamrovi 15 million nafarga, sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar qariyb 1,5 barobarga yetdi.
Mamlakatimizda sport infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida keyingi yillarda olis va chekka hududlardagi mahallalarda mingga yaqin namunaviy sport maydonchalari, majmualar, alohida sport turlariga ixtisoslashtirilgan zallar barpo etildi. Yoshlar, mahalla ahli, alohida sport maktablari, klublar, guruhlar ixtiyoriga topshirildiki, bugun ushbu sport go‘shalarida erta-yu kech mashg‘ulotlar, musobaqalar, ommaviy sport o‘yinlari o‘tayotganligi O‘zbek sportining yangi chempionlar avlodi yetishib kelayotganligining amaliy ifodasidir.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA