FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 190-umumta’lim maktabida Toshkent shahrida ikkinchi xorijiy til va kasb-hunarga o‘rgatish joriy etilgan maktablar uchun “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyotining joriy etilishi” mavzuida maktab direktorlari, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va maktab psixologlari uchun seminar tashkil etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 20 yanvar hamda 28 avgust kunlari kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektorlarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari bitiruvchilarini hayotga tayyorlash, ularga kasb-hunar o‘rgatishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab, respublikadagi 208 ta va 2024 yilning yanvar oyidan 513 ta maktabda o‘quvchilarga ikkinchi xorijiy til hamda bitta kasb-hunar o‘rgatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davr mobaynida 42 ming nafardan ortiq 10-sinf o‘quvchisiga 34 turdagi kasb-hunar uchta yo‘nalishda (ishchi kasblar, tadbirkorlik va axborot texnologiyalari) hamda ikkinchi xorijiy til sifatida 114 ming nafardan ortiq 7-sinf o‘quvchisiga nemis, fransuz, ingliz, koreys, yapon va xitoy tillari o‘rgatib kelinmoqda.
[gallery-15632]
Seminarda ikkita xorijiy til va kasb-hunarga o‘rgatish amaliyotini joriy etishda me’yoriy hujjatlar bilan ishlash, kasbga o‘rgatishni tashkil etish, o‘quv reja va dasturlarni amaliyotda qo‘llash bo‘yicha ishtirokchilarga tegishli tavsiya va tushunchalar berildi.
Ta’kidlash kerak, Toshkent shahrida 2023 yil sentyabrdan 12 ta maktabda hamda joriy yilning yanvaridan 32 ta maktabda jami 44 ta maktabda 12 turdagi kasb-hunar va 5 ta til o‘rgatish joriy etildi.
Ushbu chora-tadbirlar bitiruvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash va mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish, mamlakatimiz rivoji uchun o‘z hissasini qo‘shadigan mutaxassislar sifatida tarbiyalash maqsadiga qaratilgan. Shu bilan birga, kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish mashg‘ulotlari o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga qiziqtirib, ularga motivatsiya beradi hamda yoshlarni qo‘shimcha daromad va investitsiya keltiruvchi sohalarga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kamola YUSUPOVA, Muhammad AMIN (surat), O‘zA