Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berganidek, hozirda “Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi davom etmoqda.
Vazirlikning rasmiy munosabat bildirishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 37-maktabda majburiy ovoz berish holatlari yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganishlar natijasida ushbu maktabda xodimlar majburiy ovoz berishga jalb etilgani tasdiqlandi.
Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur maktabda majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yuzasidan tegishli tuman Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yubordi.
“Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida majburiy ovoz berishga jalb etish majburiy mehnat sifatida tasniflanishi belgilangan. Agar siz ovoz to‘plashga majburlash holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 71 200-06-00 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz so‘raladi, deyiladi xabarda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA