Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan paxta yig‘im-terimi ishtirokchilariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar qatnashdi.
Press-tur ishtirokchilari Vobkent tumanidagi “Buxoro Agro Klaster” MCHJga qarashli paxta dalalarida bo‘ldi. “Buxoro Agroklaster” MCHJda viloyatning Kogon, Qorovulbozor, G‘ijduvon, Vobkent, Peshku, Shofirkon tumanlarida 44 ming 187 gektar paxta maydonlari mavjud. Davlatga 149 ming 593 tonna oq oltin yetishtirib beradi. Bir kunda 3 ming 966 tonna, mavsum boshidan 102 ming 521 tonna paxta topshirilgan.
Ayni kunga qadar jami 34 ming 281 gektar maydondagi paxta hosili terib olingan. Birinchi terimning o‘zidan 9 ming 906 gektar maydonda paxta terilmoqda. Hosildorlik 37-39 sentnerni tashkil etmoqda. Ayrim fermer xo‘jaligi dalalaridan birinchi terimdan 40-45 sentner hosil olingan. Terimchilar soni 6 ta tumanda 61 ming 500 nafarni tashkil etayotir.
– 31 yoshdaman, uyda ishsiz edim, – deydi Vobkent tumani Mo‘minobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Dilsora Xursanov. – Oilamga, ro‘zg‘orimga yordam bo‘lsin deb, o‘z ixtiyorim bilan mavsum boshidan buyon paxta teryapman. 2 nafar bolam biri maktab o‘quvchisi, biri bog‘cha tarbiyalanuvchisi. Mavsum boshidan buyon 3 million so‘mga yaqin daromad qildim. Bir kunda 90-100 kilogrammgacha paxta teryapman. Sharoitlar yaxshi. Har kuni bir mahal issiq ovqat berilmoqda. Haftada ikki marotaba osh berishadi.
– Ayni paytda mehnat ta’tilidaman, – deydi tumanning Kosari OSHPda hamshira bo‘lib ishlab kelayotgan Shoira Azimova. – Ta’tilda uyda o‘tirmay o‘z ixtiyorim bilan paxta terimida qatnashayapman. Mavsum boshidan buyon ro‘zg‘orimga, oilamga yordam bo‘lsin deb 3 million 500 ming so‘mgacha daromad qildim. Bir kunda 150-160 kilogrammgacha paxta teryapman. 3 nafar farzandim maktab o‘quvchisi. Ular ayni kunlarda kurslarda bilim olishadi. Sharoitlarni zo‘r qilib berishgan. Issiq ovqat deysizmi, issiq choy deysizmi hammasi muhayyo. Mehnat ta’tilim tugagach yana ishimga chiqaman.
–22 yoshdaman, uyda tikish bichish ishlari bilan band edim, – deydi Vobkent tumani Mo‘minobod MFY yashovchi Dildora Husenova. – Ota-onam shu klasterning ishchisi, ularga yordam berish oilamizning daromadiga qo‘shimcha mablag‘ olib kirish uchun o‘z ixtiyorim bilan paxta terimida qatnashyapman. Bir kunda 80-100 kilogrammgacha paxta teryapman. Qancha ko‘p paxta tersak shuncha sovg‘a-salomlar bilan ham siylashayapti. Bundan juda xursandman.
“Buxoro Agro Klaster” MCHJ tomonidan terimchilarga shu kunga qadar 2 milliard so‘mlik sovg‘alar berildi. 73 tonna yog‘ zaxirasi yaratilib shundan 23 tonnasi tarqatildi.
Shu kuni press-tur ishtirokchilari viloyatning qaysi bir tumanida yoki paxta yerida bo‘lmasin u yerda majburiy mehnat qilayotganlarga duch kelmadi. Aksincha, barcha terimchilar o‘zlarining ixtiyori bilan mehnat qilmoqda. Ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratib berilgan.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat, video), O‘zA