O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va muvofiqlikni baholash tartiblariga oid nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
a) Xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
davlat ruyxatidan o‘tkazilgan mahsulotlarning davlat reyestrini yuritish;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan mahsulotlarning daliliy hujjatlarini shakllantirish va saqlash;
davlat ro‘yxatiga olinganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga o‘zgartirish kiritish, uning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish tartibi;
majburiy tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan mahsulotlar turlarining ro‘yxati;
b) Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom:
mahsulotlarning intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarini o‘rganish va tekshirish;
sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;
mahsulotlarni sertifikatlashtirish sxemalarini qo‘llash;
sertifikatlashtirilgan mahsulotlarni davriy baholash;
muvofiqlik sertifikatiga o‘zgartirish kiritish tartibi;
v) Xavf darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarning muvofiqligini deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom:
muvofiqlikni deklaratsiyalash sxemalari;
muvofiqlikni deklaratsiyalash hujjatlarini shakllantirish va uni ro‘yxatga olish;
muvofiqlik deklaratsiyasini ro‘yxatga olish uchun asos bo‘lgan daliliy hujjatlarni shakllantirish va saqlash tartibi;
g) Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom:
sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;
sertifikatlashtirishga arizani qabul qilishni rad etish uchun asoslar;
muvofiqlik sertifikatni tasdiqlash, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish;
sertifikatlashtirish sohasini kengaytirish yoki qisqartirish;
menejment tizimlarini joriy etish hamda o‘qitish bo‘yicha ishlar va xizmatlar to‘lovi, uni hisoblash tartibi;
d) Mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga nomuvofiq deb topilgan mahsulotlar ro‘yxatini yuritish, ularni erkin muomaladan chiqarish va utilizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom:
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga mahsulotlarni nomuvofiqligini aniqlash;
nomuvofiq deb topilgan mahsulotlarni savdodan chaqarib olish, utilizatsiya qilish hamda ularning ro‘yxatini yuritish;
mahsulotlarni olib kirishni qayta tiklash tartibi tasdiqlandi.
Muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirishda quyidagi tartib o‘rnatiladi:
O‘zbekiston Respublikasining rezidenti hisoblangan akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan xavf darajasi yuqori bo‘lmagan mahsulotga muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya ro‘yxatga olinganda (amal qilish muddatidan qati nazar), ushbu muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida mahsulot yigirma to‘rt oy davomida import qilinishi mumkin. Mazkur tartib muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyada keltirilgan aynan bir ishlab chiqaruvchining bir turdagi mahsulotiga nisbatan amal qiladi;
muvofiqligi deklaratsiyalash yo‘li bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan mahsulotlar O‘zbekiston Respublikasiga import qilinganda, ularning muvofiqligini uchinchi tomon tasdiqlaydi.
O‘zA