Mahsulotlar sifati va narx-navosi nazoratda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Erkabay Tadjiyev Nukus shahridagi dehqon bozorida tashkil etilgan arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasida aholiga yetkazib berilayotgan mahsulotlar sifati va narx-navosi, savdo shoxobchalarida xaridorlar va sotuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Yarmarkada mamlakatimiz viloyatlaridan arzonlashtirilgan 26 tonna piyoz mahsuloti olib kelinishi va arzon narxlarda sotilishi ta’minlanmoqda. Hududlarda ham tashkil etilgan yarmarkalarga qo‘shimcha ravishda viloyatlardan piyoz mahsulotlarini olib kelish ishlari boshlab yuborilib, hozirgacha 175 tonna piyoz sotuvga chiqarildi.

Hozirgi sovuq ob-havo sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli saqlash va aholiga arzon narxlarda sotilishini ta’minlash bo‘yicha shahar va tuman hokimliklari, Departament bo‘limlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasidan mas’ul xodimlar biriktirilib, ularga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasining Qoraqalpog‘iston filialida birja savdolarida AI-80 markali benzin mahsulotining savdoga chiqarilishi, belgilangan narxlarda sotilishi jarayoni bilan tanishilib, ishlarni to‘g‘ri va samarali tashkil etish bo‘yicha prokuratura xodimlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. bugungi kunda AI-80 markali 250 tonna benzin mahsuloti savdoga chiqarilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan jami 51 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan sotib olindi va hozirda 136 ta tadbirkorlik sub’ekti birja savdolarida ishtirok etmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA