O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekistonda texnik jihatdan tartibga solish sohasida olib borilgan kompleks nazorat ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Unda qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida 126 ta korxonada tekshiruvlar o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i va moliyaviy manfaatlariga jiddiy xavf tug‘diruvchi holatlar aniqlangan. Nazorat ishlari natijasida jami 298 turdagi mahsulot laboratoriya sharoitida sinovdan o‘tkazildi. Bu mahsulotlar kundalik iste’molda bo‘ladigan tovarlardan tortib, sanoat uchun mo‘ljallangan murakkab texnik jihozlargacha bo‘lgan turli nomenklaturalardir. Bu esa sifatsiz mahsulotlar oqibatida iste’molchilar sog‘lig‘iga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar xavfini oshirmoqda. Ajablanarlisi shundaki, ulardan 275 tasi yoki 92,2 foizi belgilangan texnik reglament va milliy standartlarga mos kelmasligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlarning umumiy qiymati 4 milliard so‘mdan ortiq bo‘lib, bu ko‘rsatkich jamoatchilik e’tiborini kuchaytirishni talab etmoqda.
Davlat nazorati doirasida 1662 dona o‘lchash vositasi ko‘zdan kechirildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 540 ta o‘lchov vositasi qiyoslanmagan holatda foydalanilgan bo‘lib, bu umumiy vositalarning 32,4 foizini tashkil qiladi. Ayniqsa, oziq-ovqat, tibbiyot va energetika sohalarida ushbu vositalar ishonchli bo‘lishi talab etiladi. Ammo qiyosdan o‘tmagan vositalar nafaqat iste’molchining huquqlarini poymol qilmoqda, balki iqtisodiy muvozanatga ham salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
[gallery-23439]
Bozor muomalasiga chiqayotgan mahsulotlarning yarmi sertifikatlash talablariga rioya qilinmasdan ishlab chiqarilgan. Aniqroq aytganda, 36 turdagi mahsulotlar sertifikatsiz holatda muomalada bo‘lib, ularning umumiy qiymati 229,1 milliard so‘mni tashkil etdi.
Respublika bo‘ylab o‘tkazilgan tekshiruvlarda ayrim hududlarda kamchiliklar soni yuqori bo‘ldi. Jumladan, Toshkent shahrida 2,7 milliard so‘mlik mahsulotlar talabga javob bermaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 21,9 milliard so‘mlik mahsulotlar reglamentga zid. Jizzax viloyatida 21,7 milliard so‘mlik mahsulotlar sifatsiz holatda aniqlangan. Surxondaryo viloyatida 21,1 milliard so‘mlik mahsulotlar iste’molchi xavfsizligiga tahdid solmoqda. Bu ko‘rsatkichlar hududiy inspeksiya bo‘limlarining ish samaradorligini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.
Inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 191 nafar mansabdor shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 212, 213 va 214-moddalari asosida huquqbuzarlik bayonnomalari tuzildi. Shuningdek, 57 ta sub’ektga nisbatan 125,8 milliard so‘mlik moliyaviy jazolar belgilandi.
Lift, eskalator, sovutgich, kabel, radiator va boshqa xavfli texnik mahsulotlar uchun jami 797 ta hujjat ko‘rib chiqildi. 143 ta hujjatda kamchilik aniqlanib, hujjatlar qayta ishlab chiqish uchun ishlab chiqaruvchilarga qaytarildi. 11 ta sertifikat esa amalda yo‘q deb topildi.
Qonunbuzarliklarning oldini olish, korxonalarni xabardor qilish va profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida respublika bo‘yicha jami 7963 ta tadbirkorlik sub’ektiga ogohlantiruv xatlari yuborildi. Faqat Toshkent shahrining o‘zida 1347 ta ogohlantirish xati jo‘natilgan.
Malaka baholash doirasida 249 ta korxona bilan shartnomalar tuzilib, ulardan 147 tasi texnik malakaga ega deb topildi. 12 ta korxona esa talab etilgan kamchiliklarni bartaraf etmagani sababli tasdiqlanmadi.
Sertifikatlashtirish idoralari tomonidan taqdim etilgan 300 ta to‘plamdan 297 tasida hujjatlarda nomuvofiqlik aniqlanib, tizimli kamchiliklar fosh etildi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida olib borilgan nazorat ishlari, aniqlangan qonunbuzarliklar va qo‘llanilgan chora-tadbirlar – bu sohada shaffoflik, xavfsizlik va ishonchlilikni ta’minlash yo‘lida tashlangan muhim qadam. Ayni damda tizim ichidagi muammolar yuzasidan keskin va qat’iy chora ko‘rilmoqda.
Kelgusida esa ushbu sohadagi tartib-intizomni yanada mustahkamlash, qonunbuzarliklarni minimal darajaga tushirish asosiy vazifa etib belgilangan.
Sh.Mamaturopova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA