Mahsulot manzili: Yakkabog‘ tumani
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlarining samarali faoliyat yuritishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 2-avgustdagi “2013-2016-yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘layotir. Ushbu hujjat ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida viloyatda tarmoq va tarmoqlararo hamkorlik mustahkamlanib, texnik va texnologik qayta jihozlangan korxonalarda xaridorgir, zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda.
Qarshi shahridagi “Darmon farm” xususiy firmasi tomonidan Yakkabog‘ tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misoldir.
Firma tomonidan Esat qishlog‘ida “Go‘zallik saloni”, sartaroshxona, dorixona va tikuvchilik sexini o‘z ichiga olgan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi barpo etilgani hudud aholisiga qator qulayliklar yaratdi. Majmuada mehnat qilayotgan yigirmadan ziyod ishchining aksariyati kollej bitiruvchilaridir.
– Bu yerda ish boshlaganimga bir yildan oshdi, – deydi "Go‘zallik saloni" ishchisi Gulbahor Ergasheva. – Salonimiz doimo mijozlar bilan gavjum.
Xalqaro diyetologlarning tavsiyasiga ko‘ra, inson iste’mol qiladigan oziq-ovqatning kamida 50 foizini meva-sabzavot tashkil etishi zarur. Buni yaxshi bilgan “Darmon farm” mutasaddilari 18 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etdi. Polshadan 37 ming tup olma ko‘chati keltirib o‘tqazdi. Bog‘bonlarning aytishicha, ularning bir qismi kelgusi yil hosilga kiradi. Ayni paytda mazkur ko‘chatlar orasida kartoshka, no‘xat yetishtirilmoqda. Bu ish bilan 20 kishi doimiy shug‘ullanayotir.
Bog‘da yetishtiriladigan mevalarni shu yerning o‘zida qayta ishlash maqsadida sex qurildi. Mahsulot tayyorlash jarayonida keng qo‘llaniladigan zamonaviy uskuna va texnologik liniyalar keltirib o‘rnatildi. Yiliga besh ming tonna tabiiy sharbat ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur sex joriy yil oxirida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarining faoliyat qamrovi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hamda qayta ishlashdagi ishtirokini kengaytirish, xususan, parrandachilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 22-oktabrdagi “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur farmonga asosan parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida zamonaviy tovuqxonalar barpo etilib, ularda havo harorati hamda namligini maqbul me’yorda saqlash, suv va ozuqa bilan avtomatik ta’minlash yo‘lga qo‘yildi.
Yakkabog‘lik Abdunabi G‘iyosov yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan tadbirkorlardan. U “Kumush kuz fayzi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga asos soldi. Tovuqlarni beshikast parvarish qilish uchun hududdagi veterinariya muassasasi bilan shartnoma tuzdi. Oziqlantirishda mutaxassislar maslahatiga tayandi.
Bu harakatlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayni paytda bu yerda boqilayotgan 147 ming tovuqdan kuniga 92 ming dona tuxum olinmoqda.
– Tadbirkorlik faoliyatini dastlab 300 tovuq boqishdan boshlagandik, – deydi A.G‘iyosov. – Prezidentimiz rahnamoligida tadbirkorlik rivojiga qaratilayotgan e’tibor faoliyatimizni yanada kengaytirishga undadi. Yaqinda yangi quvvatni ishga tushirishni mo‘ljallaganmiz. 64 ming tovuq boqish imkoniyati bo‘lgan ushbu sexga 6 yarusli uskuna o‘rnatdik.
Tumandagi “Oqtosh kelajagi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham zamonaviy texnologiya va uskunalar o‘rnatish evaziga ish sifati va samaradorligini yanada oshirishga erishilmoqda. Bu yerda parvarishlanayotgan 220 ming tovuqdan yiliga 310 tonnadan ziyod go‘sht olinmoqda.
Ayni paytda “Oqtosh kelajagi”da 25 kishi doimiy ish bilan band. Joriy yil yakuniga qadar ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobidan yana o‘nga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Yakkabog‘ tumanida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham e’tiborga sazovor.
“Burhonboy” xususiy ishlab chiqarish korxonasi kuniga olti tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda tayyorlanayotgan yetti turdagi non va qandolat mahsulotlari iste’molchilarga peshma-pesh yetkazib berilmoqda.
Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ezgu maqsadlar samarasidir.