Mahsulot eksporti qo‘llab-quvvatlanmoqda
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining mahsulotlarini eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2013-yil 8-avgustdagi “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Ushbu hujjat ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzuridagi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hududiy filiali viloyatdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga mahsulot eksportini amalga oshirish bo‘yicha ko‘mak berib kelmoqda.
– O‘tgan yili eksport salohiyatiga ega korxonalar bazasini shakllantirish maqsadida 54 korxonaga jamg‘armamiz bilan hamkorlik qilish uchun takliflar jo‘natdik, – deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Qashqadaryo filiali direktori B.Tursunov. – Tumanlarda tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlarida jamg‘armaning asosiy faoliyati bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Xorijiy va mahalliy investorlarga mamlakatimizdagi investitsion muhit, eksport qiluvchi korxonalarga yaratilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlar aks ettirilgan bukletlar tarqatildi.
– Jamg‘armaning tashkil etilishi tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratdi, – deydi Qamashi tumanidagi “Murodali farm tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori M.Farmonov. – O‘tgan yili bo‘z eksport qilish maqsadida jamg‘armadan 150 million so‘m ko‘mak oldik. Natijada 500 ming AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha mahsulot eksport qilishga erishdik. Ishchilarimiz soni o‘n nafarga oshdi.
Jamg‘arma tomonidan xorijga meva-sabzavot eksport qilish harakatidagi Kitob tumanidagi “Viget impeks” fermer xo‘jaligiga logistika xizmati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini shakllantirish uchun 450 million so‘m ajratildi. Buning samarasida fermer xo‘jaligi 1 million AQSh dollari miqdorida qo‘shimcha mahsulot eksport qilishga erishdi. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
– 160 gektar yerimiz bor. Asosan uzum va gilos yetishtiramiz, – deydi “Viget impeks” rahbari J.Sultonov. – O‘tgan yili jamg‘arma ko‘magi bilan xorijga 400 tonna uzum sotdik. Joriy yilda mahsulot eksportini ko‘paytirmoqchimiz. Shunga tayyorgarlik doirasida gilos va uzumni saqlash sovutkichlari ko‘rikdan o‘tkazildi. Yil davomida ularda 2 ming tonnagacha mahsulotni vaqtincha saqlash rejalashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014-yilda jamg‘arma tomonidan viloyatdagi yigirma korxonaga 19,5 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilishda amaliy yordam ko‘rsatilgan. Joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengayadi. Xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda qashqadaryolik tadbirkorlarning ishtirokini ta’minlash shular jumlasidandir.