Norvegiyaning Fagernes shahrida shaxmat bo‘yicha yakunlangan “Fagernes International Autumn” xalqaro turnirida mamlakatimiz vakillari munosib natijaga erishdi.
15 ta mamlakatning 78 nafar shaxmatchisi ishtirokida kechgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, yosh grossmeysterimiz Abdumalik Abdusalimov 9 ta turdan iborat o‘yinlarda 8 ochko jamg‘arib, 1-o‘rinni egalladi.
O‘tkazilgan 9 ta turda 6,5 ochko jamg‘argan norvegiyalik Frode Olav Olsen Urkedal 6,5 ochko bilan 2-o‘rin, hamyurtimiz Ortiq Nig‘matov 6,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Ulardan keyingi pog‘onalardan joy olgan Hindiston vakillari Adhiban Baskaran va Kartik Venkataraman 6 ochkoga ega chiqdi.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 7 ming 400 yevrodan iborat turnirda g‘oliblikni tantana qilgan Abdumalik Abdusalimov +33 reyting jamg‘argan bo‘lsa, bronza medalini qo‘lga kiritgan Ortiq Nig‘matov +15,5 reytingni o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA