Mahoratli dzyudochilarni tayyorlash masalasi muhokama qilindi
Mamlakatimiz sport sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qiladigan mahoratli dzyudochilarni saralash, tayyorlash va yo‘naltirishda hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan sport klublari va to‘garaklardagi mashg‘ulotlar jarayoni muhim ahamiyat kasb etadi.
Jahon dzyudosida o‘z mahorati bilan e’tibor qozongan yaqin o‘tmishdagi va bugungi kundagi nomdor dzyudochilarimiz Armen Bagdasarov, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Farhod To‘rayev, Ramziddin Saidov, Davlat Bobonov, Muzaffarbek To‘raboyev, Diyora Keldiyorova kabi o‘nlab sportchilar aynan hududlardagi sport zallarda shug‘ullangan, viloyatlardagi ichki musobaqalarda toblangan. O‘z iqtidorini ro‘yobga chiqargan, milliy terma jamoaga jalb etilgan.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston dzyudosining yuzi hisoblangan professional sportchilar hududlarda kamolga yetgan.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida hududiy bo‘limlar ijrochi direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda joylarlarda dzyudo sport turini yanada rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar jarayonida hududlarda olib borilayotgan mashg‘ulotlar holati, dzyudo zallarida yaratilgan shart-sharoitlar, mahoratli dzyudochi yoshlarni shaffof seleksiya qilishni yanada takomillashtirish, viloyatlarda o‘tkaziladigan musobaqalar sonini ko‘paytirish, murabbiylar malakasi kabi bir qator masalalar tahlil qilindi.
Joylarda bunyod etilgan yengil konstruksiyali ixtisoslashtirilgan dzyudo zallarida mashg‘ulot samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni tatbiq etish, yosh dzyudochilar o‘rtasida tashkil etib kelinayotgan “Uzbekistan Judo Tour” musobaqalarining yangi mavsumini yuqori saviyada o‘tkazish, qo‘shma mashg‘ulot va nazorat musobaqalarini tashkil etish dasturlari ko‘rib chiqildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA