«Mahorat maktabi»: Bahodir Mag‘diyevning efir mahorati va ta’sirchan nutq sirlari
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan taniqli radiojurnalist, diktor, badiiy so‘z ustasi va pedagog Bahodir Mag‘diyev ishtirokida «Mahorat maktabi» mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda jurnalistning nutq madaniyati, ovoz imkoniyatlaridan samarali foydalanish va efirda o‘zini erkin tutish mahorati haqida so‘z yuritildi.
Bahodir Mag‘diyev ko‘p yillik faoliyati davomida o‘ziga xos ovoz tembri, jarangdor ovozi, ravon nutqi va efirdagi mahorati bilan tinglovchilar e’tiborini qozonib kelmoqda. U «Oriat Dono» radiosidagi faoliyati bilan bir qatorda, pedagog sifatida ham yosh mutaxassislar kamolotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining «Sahna nutqi» kafedrasi dotsenti sifatida faoliyat yuritayotgan ustoz bo‘lajak aktyorlar, suhandonlar va jurnalistlarga to‘g‘ri talaffuz, nutq ravonligi, ovozni boshqarish va mikrofon oldida erkin so‘zlash sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Uning radio va jurnalistika sohasidagi ko‘p yillik mehnatlari munosib e’tirof etilgan.
2022-yilda Bahodir Mag‘diyev «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan.
Mashg‘ulot davomida mikrofon va kamera oldida o‘zini tutish, omma oldida so‘zlashda hayajonni yengish, fikrni aniq va ta’sirchan ifodalash, shuningdek, auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish masalalariga e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar efir jurnalistikasida zarur bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar va notiqlik mahoratini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ushbu uchrashuv yosh jurnalistlar, talabalar va sohaga qiziquvchilar uchun tajribali mutaxassisning kasbiy tajribasidan bahramand bo‘lish, bilimlarini boyitish hamda efirda ishlash ko‘nikmalarini takomillashtirish uchun muhim imkoniyatdir.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan tashkil etilayotgan «Mahorat maktabi» mashg‘ulotlari soha vakillari o‘rtasida tajriba almashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va milliy jurnalistika an’analarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA