Jadidchilik harakatining yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludiga 149 yil to‘ldi.
Ustoz adabiyotshunos olim Begali Qosimovning bu boradagi tadqiqotlari diqqatga sazovordir. Unga ko‘ra, taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati asoschilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqandda tug‘ilgan. Manbalarda qayd etilishicha, Behbudiy Yassaviy avlodidan sanaladi.
18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, mufti darajasiga ko‘tariladi. Behbudiy Haj safarida bo‘lgan chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899-1900). Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish xususida muttasil o‘ylar edi. Samarqand yaqinidagi qishloqlarda Ajziy, Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktablar ochadi.
Behbudiy Qozon va Ufaga borib, u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi. Tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. “Risolai asbobi savod” (“Savod chiqarish kitobi”, 1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (“Aholi geografiyasiga kirish”, 1905), “Muntahabi jug‘rofiyai umumiy” (“Qisqacha umumiy geografiya”, 1906), “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar xati”, 1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblar chop ettiradi.
Keyinchalik (1908 yilda) Shakuriyning Rajabamin qishlog‘idagi maktabini Samarqanddagi o‘z hovlisiga ko‘chirib keltiradi. Behbudiy 1911 yilda “Padarkush” dramasini yozdi. Bu birinchi o‘zbek dramasi edi. Asar Samarqandda 1914 yil 25 yanvarda sahnaga qo‘yildi. Drama xalqqa kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Abdulla Qodiriy “Baxtsiz kuyov” dramasini shuning ta’sirida yozgani ma’lum. “Padarkush” ham janr, ham mazmuniga ko‘ra yangi o‘zbek adabiyotini boshlab bergan asar bo‘ldi. Drama Toshkentda 1914 yil 27 fevralda Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi.
Behbudiy “Samarqand” gazetasini chiqaradi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida haftada 2 marta chop etildi. 45-soni chiqqach, iqtisodiy tanqislik tufayli nashr to‘xtadi. Shu yil 20 avgustdan u “Oyna” jurnalini chiqara boshladi. Haftalik, suratli bu jurnal asosan o‘zbekcha bo‘lib, she’r, maqola (forscha), e’lonlar (ruscha) ham berib bordi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi.
Behbudiy kitob nashrini ham yo‘lga qo‘yadi. Fitratning “Bayonoti sayyohi hindi”sini ruschaga tarjima qildirib, chop ettirdi (1913). Behbudiy 1914 yil 29 mayda ikkinchi marta arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohat xotiralari “Oyna” jurnalida bosilib turadi. Ayniqsa, din, e’tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi. «Oyna» jurnalida millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisobladi. Jurnalning birinchi sonidayoq “Ikki emas, to‘rt til lozim”, degan maqola bilan chiqib, o‘zbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shart deb hisobladi. Ayni paytda tilning muhofazasi (“Har millat o‘z tili ila faxr etar” – 1914, № 35), o‘zaro munosabatlari (“Til masalasi” – 1915, № 11,12) haqida dolzarb maqolalar chop etdi.
Behbudiy adabiy tanqidga katta e’tibor berdi. Millat sha’nini oyoqosti qiluvchi fikr-qarashlarga zarba berib, qator maqolalar yozdi. Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda ekani Behbudiy zakosining nechog‘li buyukligidan darak beradi. Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizg‘in qo‘shildi. Aslida, bu faoliyat 1906 yildan boshlangan. Shu yili “Rusiya musulmonlari ittifoqi”ning Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan qurultoyida qatnashgan edi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq so‘zladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqdi. Behbudiy shu qurultoyda o‘lka musulmonlar sho‘rosining raisi etib saylandi. 1917 yil 26 noyabrda Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga o‘tar kechasi “Turkiston muxtoriyati” e’lon qilindi. Uning g‘oyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi. Muxtoriyat sho‘rolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda ko‘p tura olmay Toshkentga keladi. Turkiston sho‘rolar hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi, ammo natija chiqmaydi.
1919 yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda Inqilobiy favqulodda komissiya ayg‘oqchilari ko‘magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo‘lga olinadi. Hamrohlari Muhammadqul va Mardonqul bilan birgalikda Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi. Bu voqea Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. Fitrat, Cho‘lpon, Ayniy va boshqa shoirlar Behbudiyga atab marsiyalar yozgan. Bir qator xorijiy mamlakatlarda Behbudiy hayoti va ijodi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Toshkent shahrida ko‘cha va maktabga Behbudiy nomi qo‘yilgan.
Mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 145 yilligi keng nishonlandi. Anjumanlar, ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Bugun shiddat bilan kechayotgan yangilanish jarayonlarida Behbudiy merosi, uning faoliyati, hayotini, ezgu ishlarining ahamiyatini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.
N.Usmonova tayyorladi,
O‘zA