Mahmudxo‘ja Behbudiy – Turkiston jadidchilari yetakchisi
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jadidchilik harakati namoyandalari, xususan, mutafakkir Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodini o‘rganish hamda uni yoshlar orasida targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘plab davra suhbatlari, uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar doimiy o‘tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida barpo etilgan Adiblar xiyobonidagi Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali yonida tashkil etildi.
Akademiya matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, “Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlab yozilgan asarlar” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda olimlar, yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar qatnashdi.
Akademiyaning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamkorligida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvda o‘zbek jadidchilik harakati yetakchisining hayoti va ijodi, Abduhamid Cho‘lpon bilan olib borgan jadidchilik harakati haqida so‘z yuritildi.

– Mahmudxo‘ja Behbudiy islom olamining jonkuyari bo‘lish bilan bir qatorda jadidchilik harakatining tarafdorlaridan biri edi, – deydi shoir Sirojiddin Rauf. – Turkistondagi barcha jadid mutafakkirlari Behbudiyni ustozi deb bilishadi. Mazkur harakatning yetakchisi bo‘lgan Behbudiy yangi usul maktablarini yurtimizda ilk bor joriy etadi. Shu bilan birga, o‘zbek tilida nashrlar chiqaradi. Ammo o‘sha davrda o‘lkaning aksariyat aholisi xat-savodi haminqadar bo‘lgani uchun Behbudiy va hammaslaklarining ezgu g‘oyalari, fikrlari ko‘zlangan manzilga yetib bormaydi. Behbudiy buning oldini olish, odamlarni tarbiyalash maqsadida yangi yo‘l – Turkistonda teatrga asos soldi. Yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, zamonaviy bilimlarni egallashi kerakligi da’vat etilgan “Padarkush” dramasini yozdi.
So‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarga adib hayoti va ijodi, ilmiy-ma’naviy faoliyati, Abduhamid Cho‘lponning “Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasi” nomli maqolasi haqida qiziqarli ma’lumotlar berishdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Mo‘minjon Xo‘jayev alloma vafoti munosabati bilan Abduhamid Cho‘lpon tomonidan yozilgan maqolalar haqida to‘xtalib, Mahmudxo‘ja Behbudiy Vatan istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovonligi yo‘lida hayotini qurbon qilganini ta’kidladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr o‘zbek adabiyoti, ilm-fani, jurnalistikasi uchun muhim siymo sifatida tarix sahnasida namoyon bo‘ldi. Buyuk ma’rifatparvar va jadidchilik harakatining yetakchilaridan biri sifatida milliy madaniyatimiz tarixidan mustahkam o‘rin egalladi.
N.Usmonova, O‘zA