Vatanimiz tarixidagi 19 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1391 yil (bundan 634 yil oldin) – Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamishga qarshi yurish boshlagan Amir Temur qo‘shini Toshkentdan Oltin O‘rda sari yo‘lga tushdi. 1390 yil oxirlarida Amir Temur To‘xtamishga qarshi birinchi asosiy yurishga tayyorgarlik ko‘rgan edi. O‘sha yil oxirida Toshkentga kelgach, Temur qirq kun betob yotdi. Sog‘aygach, 1391 yil 19 yanvarda yo‘lga chiqdi.
Sohibqironning qirq kun davom etgan bu xastaligi haqida fansuz tarixchisi Lyusen Keren quyidagicha qayd etgan: “Shaharda (Toshkentda) Temur qattiq og‘rib qoldi: yoshligida oyog‘iga yetkazilgan jarohatning oqibati bo‘lmish suyak-tomir xastaligining dastlabki xuruji tufayli u qirq kechayu kunduz o‘rnidan tura olmadi. Uning o‘rnida boshqa har qanday odam ham avval bahorga mo‘ljallangan xatarli safarda ishtirok etishdan voz kechgan bo‘lardi”.
1875 yil (bundan 150 yil oldin) – Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlog‘ida ruhoniy oilasida dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy dunyoga keldi. Otasi Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘g‘li turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomondan bobosi Niyozxo‘ja urganchlik bo‘lib, Buxoro amiri Shohmurod zamonida Samarqandga kelib qolgan edi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy XX asr bo‘sag‘asidagi Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatchiligining eng yirik namoyandasi, yangi davr o‘zbek madaniyatining asoschisidir. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasining yalovbardori, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist. U tariximizning g‘oyat og‘ir va murakkab bir davrida yashadi.
So‘nggi yillarda yurtimizda Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, uning hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bu xayrli ishlar davom ettirilmoqda.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston Respublikasining yigirma uch yoshli harbiy komissari (vaziri) Konstantin Osipov boshchiligida Toshkentda sovet rejimiga qarshi isyon ko‘tarildi. Osipovning buyrug‘i bilan 14 nafar sovet komissarlari (vazirlari) otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan sovet hokimiyati ag‘darildi, hokimiyat masalasi Ta’sis Majlisida hal qilinadi, deb e’lon qilindi.
Biroq tez orada isyon tor-mor qilingach, Osipov Farg‘ona vodiysiga – sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyandalaridan biri Madaminbek huzuriga bordi. U andijonlik Parpi qo‘rboshi qarorgohida ham bo‘lib, Toshkentdan keltirgan sovetlarning pul bosish mashinasida Qo‘qonqishloq (hozirgi Paxtaobod)da uning nomidan pul chiqarib, xalqqa tarqatdi. So‘ngra Buxoro amirligiga qochib bordi. 1920 yilda u xorijga o‘tib ketdi. Uning Hindistonda yashagani haqida ayrim ma’lumotlar mavjud.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi o‘lim jazosini bekor qilish haqida dekret qabul qildi. Biroq inqilobiy tribunallar faoliyati tahlil etilganda, bunga amal qilinmasdan, mahkumlarni o‘limga hukm qilishda davom etilgani ma’lum bo‘ladi.
1926 yil (bundan 99 yil oldin) – davlat va jamoat arbobi, adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Azizxon Qayumov tavallud topdi (vafoti 2018 yil). U 1996 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1937 yil (bundan 88 yil oldin) – Buxoro Respublikasining sobiq rahbar arboblari – jami 17 kishi qatorida Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, davlat va jamoat arbobi Otaulla Xo‘jayev ham qamoqqa olindi. U taniqli davlat arboblari Usmon Xo‘jayevning ukasi va Fayzulla Xo‘jayevning amakivachchasi hisoblanadi.
2000 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining hijriy sana bo‘yicha 910 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘linmalari huzuridagi «To‘maris izdoshlari» jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyatini tashkil etish belgilandi.
2024 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonun bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida belgilandi. Mazkur Qonun 7 bob, 58 moddadan iborat. Uning ilova qismida Transport vositalarini boshqarishga doir tibbiy qarshi ko‘rsatmalar ro‘yxati ham berilgan.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA