Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligi Samarqandda keng nishonlandi
Buyuk maʼrifatparvar adib, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yil 19-yanvarda Samarqandda tugʻilgan.
Buyuk maʼrifatparvar adib, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy 1875-yil 19-yanvarda Samarqandda tugʻilgan. Yoshligidan ilm-maʼrifatga, adabiyotga, siyosatga qiziqib, shu yoʻlda oʻqib-izlangan, oʻzi ham yozishga, elga maʼrifat ulashishga harakat qilgan. Bir necha xorij tillarini oʻrganib, chet mamlakatlarda safarlarda boʻlgan. Maʼrifatparvarlik gʻoyalarini targʻib etib, maqolalar, kitoblar yozgan. Xalqni ilmli boʻlishga, oʻz huquqlarini anglashga daʼvat etgan.
Yurtimizda matbuot va noshirlik faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi, teatr sanʼatining asosi va rivoji Mahmudxoʻja Behbudiy nomi bilan bogʻliq. Bu ulugʻ siymo tavalludiga 145-yil toʻldi. Shu munosabat bilan Samarqandda “Mahmudxoʻja Behbudiy haftaligi” oʻtkazilmoqda.

20-yanvar kuni dastlab buyuk maʼrifatparvar haykali oʻrnatilgan Samarqand viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.
Samarqandlik yozuvchi va shoirlar, jurnalist va teatrshunoslar, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jam boʻlgan tadbirda Mahmudxoʻja Behbudiyning hayot yoʻli, ilmiy-ijodiy merosi va keyingi paytda uni oʻrganish borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli publitsist yozuvchi Nusrat Rahmat va boshqalar Mahmudxoʻja Behbudiy gʻoya va qarashlari, u yozgan asarlar bugungi kun uchun ham dolzarb ahamiyat kasb etishi va bu maʼnaviy merosdan yoshlarni bahramand qilish zarurligini taʼkidladi.
Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari R.Qobilov ayni paytda Samarqand shahrida buyuk maʼrifatparvar uy-muzeyini tashkil etish, shaharning markaziy hududlaridan birida uning muhtasham haykalini oʻrnatish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

– Maʼrifatparvar bobomiz maʼnaviy merosini oʻrganish va nomini ulugʻlash borasida keyingi paytda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganidan xursandmiz, – deydi Mahmudxoʻja Behbudiyning nabirasi Shohrux Behbudiy. – Ana shu eʼtibor tufayli bu yil bobomiz tavalludining 145-yilligi keng nishonlanmoqda. Bu tadbirlarning, ezgu ishlarning boshida turgan insonlardan minnatdormiz.
Kunning ikkinchi yarmida Samarqand davlat universitetida “Mahmudxoʻja Behbudiy va barhayot gʻoyalar” mavzusida adabiy kecha tashkil etildi. Unda Behbudiy tashabbusi bilan tashkil etilgan “Samarqand” gazetasi, “Oyna” jurnali, yaratilgan darsliklar, noyob ilmiy va badiiy asarlar haqida soʻz bordi.

Viloyat musiqali drama teatrida esa adib qalamiga mansub “Padarkush” dramasi yana bir bor namoyish etildi. Ushbu drama dastlab, 1914-yilda shu teatrda sahnalashtirilgan edi.
Viloyatda Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145-yilligi tadbirlari davom etmoqda.
