Mahkumlar haq-huquqsiz emas
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” platformasi doirasida hududlarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Shunday muloqotlarning navbatdagisi Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Pastdarg‘om tumanidagi ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish departamentiga qarashli 37-sonli manzil koloniyasida tashkil etildi.
“Ombudsman maktabi: harakatlanish erkinligi cheklangan joylarda mahkumlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash” mavzusidagi uchrashuvda jazoni ijro etish hududlari, manzil koloniyalarda mahkumlarning haq-huquqlari, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar xususida so‘z bordi.

Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozovning qayd etishicha, keyingi yillarda mamlakatimizda mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarni saqlash shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali mahkumlarning huquqlari yanada kengaytirilmoqda, jinoyat-ijroiya qonunchiligi xalqaro normalarga muvofiqlashtirilmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan mahkumlarning masofali video-uchrashuvdan foydalanish huquqini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi – dedi O.Toshniyozov. – Bu yangilik bugungi kun talablari asosida mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning yaqin qarindoshlari bilan masofadan turib video-uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishga xizmat qilmoqda.

Muloqot davomida mahkum va mahbuslarga o‘z huquqlari, Ombudsmanga murojaat qilish tartibi, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalalarning oldini olish bo‘yicha mavjud kafolatlar haqida tushuncha berildi. Shuningdek, jazo muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin jamiyatga moslashish jarayonida foydalanishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-huquqiy imkoniyatlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Tadbirda ishtirok etgan ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat bo‘limi, viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya boshqarmasi vakillari bilan birgalikda muassasada jazoni o‘tayotgan mahkumlar, jumladan, onalar va bolalarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Manzil koloniyada o‘rnatilgan “Ombudsmanga murojaatlar” qutisiga tushgan shikoyatlar ko‘rib chiqildi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri