Mahkumlar ham pensiya oladimi?
Yurtimizda inson sha’ni, uning qadr-qimmati azaldan qadrlanib kelgan.
Yurtimizda inson sha’ni, uning qadr-qimmati azaldan qadrlanib kelgan. Bugungi kundagi aholi manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarda mana shu g‘oya yetakchilik qilmoqda.
Yaqinda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda barcha sohalar qatorida manzil-koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan pensiya yoshidagi mahkumlarning nafaqa olishlari qonun bilan mustahkamlandi.
Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi va sohaga aloqador qator tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda viloyatning Koson va Muborak tumanlaridagi manzil-koloniyalarida targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, unda mazkur yangi qonun mazmun-mohiyati, belgilangan talablar mahkumlarga atroflicha tushuntirildi.
– Qonunga kiritilgan yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, manzil koloniyalarida jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarga pensiya to‘lanadi, – deydi Qarshi shahar budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Sharopov. – Buning uchun pensiya hisoblash to‘g‘risidagi ariza bilan bevosita manzil-koloniya joylashgan yerdagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlariga murojaat qilishi zarur. Pensiya mazkur holatda mahkumlarning shaxsiy hisob varaqlariga o‘tkaziladi. Bugungi tadbirda mahkumlarga ushbu o‘zgarishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Inson borki xato qiladi. Tahlillarga ko‘ra, umri davomida qilingan xatolarning katta qismi yoshlik pallasiga to‘g‘ri kelar ekan. Qilmishga yarasha jazo esa doim tayin. Pensiya yoshiga yetib, farzandlar, nabiralar davrasida o‘tirishni kim ham orzu qilmaydi, deysiz. Bu insonlar ongidan ham ushbu hayollar har kuni, balki har daqiqada o‘tayotgani aniq. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan chiqarilgan ushbu qonun pensiya yoshidagi mahkumlar ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.
– Aholi manfaatini ko‘zlab olib borilayotgan siyosatdan xursandmiz, – deydi mahkum O‘ral Omonov. – Bugun qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarni ya’ni biz, mahkumlarning pensiyaga chiqishiga qonuniy ruxsat berilganini eshitib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Hayotga qaytgandek bo‘ldik. 64 yoshdaman. Hayot yo‘lida bir adashib, ba’zi anglashilmovchiliklar sabab shu yerga tushib qoldim. Bundan qattiq afsusdaman.
Qarigan chog‘ingda yoshlikdagi shijoat, kuch-quvvat tark eta boshlaydi. Hayotingdagi hech bir holat avvalgidek bo‘lmaydi. Atrofingdagilarga tobe bo‘la boshlaysan. Tez-tez davolanishga ehtiyoj sezasan. Shu bois davlatimiz fuqarolarga ma’lum bir yoshga yetganda pensiya tayinlaydi. Bu mablag‘lar ularning davolanib, sog‘ligini tiklashi, dam olishi va hokazo maqsadlar uchun xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Eng yomoni bugungi kungacha jazoni ijro etuvchi koloniyalardagi pensiya yoshidagi mahkumlar bunday huquqlardan mahrum edi. Qonunlarga kiritilgan ushbu o‘zgarishlar ularga qaytadan umid bag‘ishladi.
Bundan tashqari, yangi qabul qilingan o‘zgarishlarda mahkumlarning sog‘ligini tiklashi, ovqatlanishi, yaqinlari bilan uchrashuvlari kabi masalalarga bog‘liq o‘zgarishlar ham bor. Targ‘ibot tadbirlari davomida mahkumlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar batafsil javob qaytardi.