Davlat dasturi amalda
Iqtisodiyotda amalga oshiriladigan tub tarkibiy o‘zgarishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni vujudga keltirish va rivojlantirishdir. Shu boisdan import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yurtimizda yangi korxonalar tashkil etilishiga va mavjud korxonalarni ish hajmi va daromadlarini, mahsulot sifatining oshishiga olib keladi.
Prezidentimiz joriy yil mart oyida o‘tkazgan sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni yanada kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida “bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li – ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdan iborat”, degan edi.

Bugun ushbu so‘zlar har tomonlama o‘zini oqlamoqda. Navoiy mashinasozlik zavodi mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Navoiy kon-metallurgiya kombinatining eng asosiy tarmog‘i sanaladi. Jamoamda qariyb 3,5 ming nafar ishchi-xodim ishlaydi. So‘nggi yillarda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida sharli tegirmonlar, gidrotsiklon qurilmalar, texnologik qalinlashtiruvchilar, universal tokarlik-vint kesadigan dastgohlar, reduktorlar, nasoslar, mobil lentali ta’minlagich, vibratsiyali va panjarali g‘alvirlar, kon-shaxta, texnologik uskunalar va karer mexanizmlari uchun ehtiyot qismlar, elektr dvigatellarini himoya qilish bloklari kabi yangi turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar o‘zlashtirildi.
2008-2021 yillar mobaynida kombinatning tog‘-kon sanoati komplekslarida foydalaniladigan ehtiyot qismlarning 70 foizdan ortig‘i o‘zlashtirilib, ikki trillion so‘mdan ortiq import o‘rnini bosuvchi va mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi.
Birgina 2021 yil yakunida 404 milliard so‘mdan ortiq 109 loyiha bo‘yicha mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu jumladan, zamonaviy metall kesish dastgohlari, yangi turdagi texnologik nasoslar, reduktorlar, burg‘ilash uskunalari uchun ehtiyot qismlar, “32x45” va “40x70” rusumli sharli tegirmonlar, “EKG” ekskavatori uchun tutqichlar hamda chelaklari ishlab chiqarilmoqda. E’tiborlisi, yo‘l qurilishi texnikalari va og‘ir yuk ko‘taruvchi avtosamosvallarni kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilyapti.
Prezidentimizning 2022 yil 24 yanvardagi “Respublikada ishlab chiqarishni rivojlantirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishning samarali tizimini yaratish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha joriy yilda jami 68 ta loyiha bo‘yicha qariyb 332 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bo‘yicha jami 45 ta loyiha bo‘yicha 154,9 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Joriy yilda umumiy qiymati qariyb 487 milliard so‘m bo‘lgan 113 loyiha bo‘yicha mahalliylashtirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilyapti. Shu jumladan, yangi turdagi metall kesish dastgohlari, “55x75” rusumli sharli tegirmon, kon ekskavatorlari uchun reduktor va chelaklar, gidrometallurgik zavodlar uchun uskuna va ehtiyot qismlar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, albatta, davlat iqtisodiyoti va umuman jamiyat uchun foydalidir. Bu qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va tarmoqning jadal rivojlanishini ta’minlaydi. Shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish xarajatlarini kamaytirishga, buyumlarning tashishga bo‘lgan ehtiyojlarini qisqartirishga, muhimi materiallarni yetkazib berish uchun zarur vaqtni tejab, ishlab chiqarishdagi uzilishlar xavfini bartaraf etadi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan yirik uskunalarni ishlab chiqarish uchun zavod quvvatlarini bo‘shatish bo‘yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “shatakka olish” mexanizmi amaliyotga joriy etilgan. Bundan maqsad esa ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish, o‘zlashtirish hajmlarini texnologik va muhandislik yo‘nalishlarida ko‘maklashgan holda mahalliy korxonalarga qisman o‘tkazishni ko‘zda tutadi.
Misol uchun, Mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Toshkent viloyatida joylashgan “Lider Rem Prom” korxonasida qo‘zg‘atuvchi tishli vallarini dastlabki ishlov berish uchun, Navoiy viloyatida joylashgan “Navpromlitmash”da oraliq filtr-groxot, “Gidrostankoservis”da vibratsion g‘alvirlarni, “GAUCH” korxonasida poliuretan mahsulotlarni, “Latem-Metal”, “Istiqlol yulduzi omad”, “Shoxrux dildora”, “Xom ashyo sifat servis”, “Registon”, “Sharq qurilish servis” tadbirkorlik sub’ektlarida maxsus cho‘yandan quyma mahsulotlar, konveyer roliklari, ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Kombinat tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida “mahsulotbay” kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgani ishlarimiz unumdorligini oshirdi. Ilgari kombinat ehtiyojlari uchun import qilingan 405 milliard so‘mlik mahsulotlar hozirda 26 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Bizni quvontirgani, mazkur korxonalar so‘nggi uch yilda kichik korxonadan o‘rta ishlab chiqaruvchilar toifasiga o‘tdi va ish o‘rinlari soni kamida10 baravarga oshdi.
bugungi kunda kombinat tajribasi sifatida tadbirkorlik sub’ektlarini amaliy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “Shatakka olish” mexanizmi bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda. Sodda qilib aytganda, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda import qilingan mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari” o‘z natijalarini bermoqda.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2026 yilgacha keng ko‘lamli investitsiya dasturlarni amalga oshirish hisobiga kombinat bo‘linmalarining texnologik va kon uskunalari uchun ehtiyot qismlarga bo‘lgan talabining ortishi munosabati bilan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yanada ortmoqda. Shu maqsadda Navoiy mashinasozlik zavodining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish uchun “Mexanik yig‘uv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu 22,1 million AQSH dollarlik loyiha doirasida 2020-2022 yillar mobaynida yangi sex qurildi. U yerda 4 turdagi raqamli dasturda boshqariluvchi qiymati 18,9 million dollarlik zamonaviy, samaradorligi yuqori stanoklar o‘rnatilmoqda.
Shu bilan birga kombinat bo‘linmalarida sharli tegirmonlar va kon-shaxta uskunalari uchun quymachilik sexida tayyorlangan mahsulotlariga ehtiyoji yildan-yilga oshib boryapti. Shu bois, 2021 yilda quymachilik sexini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hisobiga quyma mahsulotlari olish ko‘rsatgichni yiliga 35 ming tonnaga, 2026 yilga borib 43 ming tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 3 million dollar qiymatidagi zamonaviy, energiya tejamkor asbob-uskunalar sotib olish mo‘ljallanmoqda. Bular qatorida 25 tonnalik pech, zamonaviy pnevmotransporter, qoliplash mashinalari, 25 donaga yaqin nostandart jihozlar zavod sharoitida ishlab chiqarilib, o‘rnatilmoqda. Hozirgi kunda quymachilik sexida jihozlash va rekonstruksiya ishlari jadal davom etmoqda.
2022-2024 yillarda Investitsiya dasturi doirasida stanoksozlik sohasini rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmi va mahsulot sifatini oshirish maqsadida 18,3 million dollar miqdorida mablag‘lar ajratilgan bo‘lib, qo‘shimcha 28 dona yuqori aniqlikdagi zamonaviy stanoklarni sotib olish rejalashtirilmoqda. Kelajakda bu kabi yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda kooperatsiya asosida zamonaviy, jahon talablariga mos keladigan raqamli dasturlash boshqaruviga ega yuqori aniqlikdagi stanoklarni ishlab chiqarishni boshlaymiz.
Jahongir Hayitov,
“NKMK” AJ Navoiy mashinasozlik zavodi direktori.
O‘zA