Mahalliy xomashyodan zamonaviy sumkalar
Namangan shahridagi “Laziz grant servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Namangan shahridagi “Laziz grant servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Neylon materialdan turli sumkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona rivojida Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, xususan, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor muhim omil bo‘layotir.
Korxona jamoasining yangi loyihalar ustida izlanishi, ichki imkoniyatlar hisobidan 100 million so‘m mablag‘ jalb etilib, texnik-texnologik o‘zgarishlar amalga oshirilgani o‘z samarasini bermoqda. 20 dona eng zamonaviy tikuv dastgohida ayollar va bolalar uchun import o‘rnini bosuvchi va eksportbop sumkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda bu yerda sifat va dizaynda xorijnikidan qolishmaydigan 46 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.
– Joriy yilning o‘tgan besh oyida 56 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi korxona bosh hisobchisi Dilmurod Egamberdiyev. – Texnologik yangilanishlar natijasida ishlab chiqarish quvvati bir yarim barobar oshdi. Ayni paytda korxonada oyiga 4,5 ming dona mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Yigirma ikki kishi mehnat qiladigan korxona jamoasi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishni rejalashtirgan. Hozirda xorijlik hamkorlar bilan o‘zaro shartnoma tuzish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.