Mahalliy xomashyodan — sifatli qurilish materiallari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan «Coals KS» MCHJ gazoblok ishlab chiqarish korxonasida yiliga 300 ming kub metr qurilish materiali ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Korxonada mahalliy xomashyo asosida tayyorlanayotgan mahsulotlar ichki bozorni sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda korxonada 150 nafar fuqaro mehnat qilmoqda. Ularning asosiy qismini yoshlar va mehnat migratsiyasidan qaytgan yurtdoshlarimiz tashkil etadi. Ishlab chiqarish jarayoni uch smenada tashkil etilgan bo‘lib, olis hududlardan kelib ishlayotgan xodimlar uchun yotoqxona va transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ishchilar kuniga uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlanmoqda.
— Qoraqalpoq davlat universitetini sanoat texnologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganman. Hozirda ushbu korxonada o‘z mutaxassisligim bo‘yicha faoliyat yurityapman. Zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlarida ishtirok etish, kasbiy bilim va tajribamni oshirish uchun bu yerda keng imkoniyatlar yaratilgan, - deydi korxona texnologi Azizbek Urazbayev.
Ayni paytda korxonada bir sutkada 700–800 kub metr gazoblok ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar D500, D550, D600 va D650 markalarida tayyorlanadi. Ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi buyurtmachilar bilan bir qatorda qo‘shni viloyatlarda ham talab yuqori. Hozirda mahsulotlarni shartnoma asosida yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalar qabul qilinmoqda.
[gallery-31869]
Asosan ko‘p qavatli turar joylar qurilishida qo‘llaniladigan gazobloklar kvars qumi, ohak, sement, gips va alyuminiy pudrasi kabi xomashyolardan tayyorlanadi. Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning 99 foizi mahalliy manbalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mahalliy resurslardan samarali foydalanish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va ichki bozor ehtiyojini ta’minlashda korxonaning ahamiyatini oshiradi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA