O‘zbekistonda mahalliy xomashyodan dori-darmonlar ishlab chiqarish kengayadi
Mamlakatimizdagi 132 farmatsevtika korxonasi tomonidan bugungi kunda 2 ming turdan ortiq dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Mamlakatimizdagi 132 farmatsevtika korxonasi tomonidan bugungi kunda 2 ming turdan ortiq dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.
Mazkur hujjatda mahalliy xomashyo, jumladan, dorivor o‘tlar asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobidan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, aholiga sifatli va arzon dori-darmon vositalarini yetkazib berishga doir muhim yo‘nalishlar belgilangan. Qarorda ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda Toshkent farmatsevtika instituti tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirilayotir.
– Mamlakatimizda farmatsevtika sohasida olib borilgan ilmiy izlanishlar, soha mutaxassislarining to‘plagan boy tajribasi samarasida yurtimizda ishlab chiqarilgan dori-darmonlar sog‘liqni saqlash tizimi amaliyotiga keng joriy etilmoqda, – deydi Toshkent farmatsevtika instituti sektor mudiri Nodira Farmonova. – Institutimizda dorilar texnologiyasi va farmatsiya ishini tashkil qilish, farmatsevtik kimyo va farmakognoziya, farmakologiya va klinik farmakologiya ixtisosliklari bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanmoqda. Cohada fan va ishlab chiqarish uyg‘unligini izchil davom ettirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ularning tajribasini oshirishda nazariya va amaliyot hamohangligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Talabalarning amaliyot o‘tashi uchun korxonalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Oliy ta’lim muassasasining professor-o‘qituvchilari korxonalar bilan o‘zaro tuzilgan shartnomalar asosida dori vositalarini ctandartlash ustida ish olib boradi. Bundan tashqari, institut qator ilmiy-tadqiqot markazlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari va mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari bilan ilmiy-texnikaviy hamkorlik qilmoqda.
O‘tgan yili institut olimlari yurtimizda yetishtirilayotgan tikanli artishok xomashyosi asosida gepatoprotektor va o‘t haydovchi ta’sirga ega bo‘lgan fitovosita – alltrombosepin yangi dori preparatini yaratish texnologiyasini ishlab chiqdi. Bundan tashqari, institutda mahalliy xomashyolardan yallig‘lanishga, allergiyaga, diabetga qarshi va regenerativ xususiyatga ega applikatsion fitodermatologik dori turlari, antitrombogen yumshoq dori shakllari, geriatriya amaliyotida qo‘llaniladigan gipolipidemik vosita – piratsin dori shaklini ishlab chiqish va standartlash kabi loyihalar amalga oshirildi.
IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasida institut xodimlari tozalangan oltingugurt kapsulalari, qattiq sochiluvchan nanoo‘lchamli yodning β-siklodekstrinli kompleksini olish texnologiyasini, «Kobalt-30» tabletka preparatining yangi dori shakli, "Stiflos” peshob xaydovchi yig‘mani, yallig‘lanish va gijja invaziyasiga qarshi «Mekritin» dori vositasini ishlab chiqish va tibbiyot amaliyotida joriy etish kabi qator ilmiy ishlanmalar bilan ishtirok etdi. Yarmarkada farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar bilan 535 million 500 ming so‘mlik shartnomalar tuzildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-apreldagi “Dorivor o‘simliklar asosidagi dori vositalarini va biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ) mahalliy korxonalarda ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayonida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yili institut olimlari tomonidan yaratilgan va tibbiyotda qo‘llash uchun ruxsat olingan 65 preparatning me’yoriy-texnik hujjatlari ishlab chiqarish uchun “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik konserniga berildi.
Mazkur oliy ta’lim muassasasi ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar olib borish bo‘yicha Buyuk Britaniya, Polsha, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina kabi davlatlarning bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Mahalliy xomashyolar asosida tayyorlanadigan, yuqori samaradorlikka ega, import o‘rnini bosuvchi dori vositalari texnologiyalarini yaratish borasida yosh olimlar ham ko‘plab yutuqlarga erishmoqda. Avaz Sharipov ana shunday izlanuvchan yosh olimlardan. Uning ta’kidlashicha, yurak-qon tomir tizimi xastaliklarida antikoagulyant va antiagregant dori vositalari juda zarur. Ushbu xastaliklarni davolashda qo‘llaniladigan ko‘plab dori vositalari xorijdan keltiriladi. Yosh olimning ilmiy ishida ana shunday preparatlarning o‘rnini bosuvchi, oshpiyozdan yangi, yuqori samarali alltrombosepin dori vositasi ishlab chiqishning ilmiy va texnikaviy jihatlari ochib berilgan. Hozirgi vaqtda yosh olim mahalliy xomashyolarni qo‘llab, antitrombogen yumshoq dori shakllarining texnologiyasini ishlab chiqish ustida izlanmoqda.
Mamlakatimizda farmatsevtika sohasida olib borilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar xalqimizni sifatli va arzon dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.