Mahalliy xomashyodan sifatli dori vositalari
Milliy matbuot markazida «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.Prezidentimiz rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishida muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.
Joriy yil 4 yanvarda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi qonuni soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotir.
Hozir mamlakatimizda yuzdan ziyod farmatsevtika korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning ko‘pchiligida xalqaro sifatni boshqarish tizimi joriy etilgan. Farmatsevtika korxonalari tomonidan 90 farmakoterapevtik guruhlarga mansub 1700 dan ziyod turdagi dori vositasi ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlari ichki bozorni to‘ldirish bilan birga o‘nlab mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
– Mamlakatimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti samarasida korxonamiz faoliyati yanada kengayib bormoqda, – deydi “Uzgermed pharm” O‘zbekiston – Germaniya qo‘shma korxonasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari N.Yunusov. – Korxonamizda xalqaro sifat tizimlari joriy qilingan bo‘lib, mahalliy xomashyo asosida o‘n sakkiz turdagi import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotimizni xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Anjumanda aholiga import o‘rnini bosuvchi, sifatli va arzon dori vositalarini yetkazib berish, soha korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama etildi.