Mahalliy xomashyodan raqobatbardosh mahsulotlar
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro bozorda ham tobora xaridorgir bo‘lib bormoqda.
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostida mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xalqaro bozorda ham tobora xaridorgir bo‘lib bormoqda.
Tayyor mahsulotlarni mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish iqtisodiyotni yanada barqaror rivojlantirish, uning tashqi omillarga qaramligini pasaytirish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi va samarali texnologiyalarni tatbiq etishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda import hajmini kamaytirish sanoatni rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan biridir. Bu mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish resurslaridan keng foydalanish, shu asosda zamonaviy raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash imkoniyatini kengaytiradi. Prezidentimiz qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019-yillar uchun mo‘ljallangan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturida import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobidan iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha import hajmini qisqartirishning yangi yo‘nalishlari belgilab berilgan.
Mamlakatimizda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga oid loyihalarni tayyorlash va amaliyotga joriy qilish mexanizmi, tarmoqlararo va tarmoq ichidagi kooperatsiya ishtirokchilari – mahalliy korxonalar uchun imtiyoz va preferensiyalarning izchil tizimi shakllantirilgan bo‘lib, bu ishlab chiqaruvchilarning yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirmoqda. Farg‘ona viloyatida ham mazkur yo‘nalishda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
– O‘tgan yili Mahalliylashtirish dasturi doirasida 20 korxona tomonidan 43,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Natijada mazkur korxonalarga 2,1 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanildi, – deydi Farg‘ona viloyati iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Tojihakimov. – Ushbu korxonalarda motor moylari uchun qo‘shimchalar, nogironlar aravachalari, Asakada ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar uchun ehtiyot qismlar, antifriz, suyultirilgan gaz, bitum tashish uchun pritsep-sisternalar, sport koptoklari, poyafzalga tagliklar, karbid-kalsiy, lak-bo‘yoq kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Joriy yilda bunday ishlar ko‘lami yanada kengayib, mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan 15 korxonada 22 istiqbolli loyiha amalga oshirilayotir. Farg‘ona shahridagi “Bellaplast”, “Eko sem komplekt oborudovaniye”, “Gaz buyum servis”, Qo‘qon shahridagi “Kristall invest plast”, “Global Asia standart”, Quva tumanidagi “Quva qandolatlari”, Buvayda tumanidagi “Al-Mansur” kabi korxonalar yangi loyihalar doirasida mahalliy xomashyodan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Davlatimiz tomonidan berilgan imtiyozlar bunday korxonalarda yangi loyihalar ustida izlanish olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida mazkur korxonalar tomonidan 24 milliard 433 million so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida mavjud korxonalar texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilinayotgani, zamonaviy uskuna va dastgohlar bilan jihozlangan yangi ishlab chiqarish obyektlari tashkil etilayotgani, tadbirkorlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli sohada ana shunday yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda. Dang‘ara tumanidagi “Dangara mega cattle” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan elektr choynaklar yuqori sifati bilan xorijnikidan aslo qolishmaydi.
Keyingi yillarda viloyatda metallurgiya sohasida ham butlovchi qismlar tayyorlaydigan korxonalar ko‘paymoqda. Xususan, Farg‘ona shahridagi “Eko sem komplekt oborudovaniye” mas’uliyati cheklangan jamiyatida sement zavodlari uchun yigirmadan ziyod turdagi ehtiyot qismlar tayyorlanmoqda.
– Korxonada mahalliylashtirish dasturi doirasida istiqbolli loyiha amalga oshirilmoqda, – deydi jamiyat rahbari Mirodil Suyarov. – Sement zavodlari uchun ishlab chiqarilayotgan ehtiyot qismlari va jihozlar ilgari xorijdan olib kelinar edi. Bunga endi hojat qolmadi. Bu yerda tayyorlanayotgan o‘ta issiqqa chidamli mahsulotlar, xususan, elektr va qo‘lqopsimon filtrlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Temirga ishlov berish, undan butlovchi qismlar tayyorlash oson ish emas. Mazkur jamiyatda buning uchun uzoq yillar izlanish olib borildi. Zamonaviy dastgohlar o‘rnatilib, ichki bozordagi talab va taklif o‘rganildi. 42 kishi mehnat qilayotgan korxonada o‘tgan vaqt mobaynida 1,5 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, buyurtmachilarga yetkazib berildi. Jamiyatda bir yilda 6,5 ming dona ehtiyot qismlar tayyorlanayotir.
Mamlakatimizda sanoat tarmoqlarining jadal rivoji import o‘rnini bosuvchi mahsulot turlari ko‘payishi va eksport salohiyati yuksalishiga xizmat qilmoqda. Ilgari asosan chetdan keltirilgan tovarlarning aksariyati yurtimizda ishlab chiqarilmoqda. Bu narx-navoni maqbullashtirish hamda sarf-xarajatni kamaytirishda muhim omil bo‘layotir.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalliy xomashyodan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishga qaratilayotgan mahalliylashtirish dasturi amaliyotga keng tatbiq etilishi ichki bozorni import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini kengaytirmoqda.