Mahalliy xomashyodan eksportbop mahsulot
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida meva-sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Natural jus” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yana bir filiali ish boshladi.
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida meva-sabzavotni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Natural jus” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yana bir filiali ish boshladi.Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini takomillashtirish, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilayotgan alohida e’tibor ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Iskovot qishlog‘ida 4 milliard 295 million so‘mlik loyiha asosida barpo etilgan yangi korxona soatiga yuz tonna xomashyoni qayta ishlash hamda ikki tonna mahsulotni qadoqlash imkoniyatiga ega. Ayni paytda bu yerda zamonaviy texnologiyalar asosida tindirilgan olma, olcha shinnisi, pomidor pastasi va o‘ndan ortiq turdagi meva-sabzavot pyurelari tayyorlanib, iste’mol bozoriga chiqarilmoqda.
Korxona ish boshlashi bilan 40 dan ziyod yoshning bandligi ta’minlandi. Joriy yilda bu yerda yangi ishlab chiqarish binosi qurilishi rejalashtirilgan. Bu loyiha amalga oshirilsa, yana yigirmadan ortiq yangi ish o‘rni ochiladi hamda mahsulotning bir qismini eksport qilish imkoniyati yaratiladi.
Korxona ishlab chiqarish quvvatining ortib borishi nafaqat bog‘dorchilikka ixtisoslashgan Yangiqo‘rg‘on tumani, balki Namangan viloyatida yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, ulardan tabiiy, darmondorilarga boy mahsulotlar tayyorlash istiqbollarini kengaytiradi.