Mahalliy sharoitda dori ishlab chiqarish koʻpaymoqda...
Termiz shahridagi “NOVA PHARM” Oʻzbekiston – Hindiston qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan dori vositalari yuqori sifatliligi bilan xaridorlarga manzur boʻlmoqda.
Termiz shahridagi “NOVA PHARM” Oʻzbekiston – Hindiston qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan dori vositalari yuqori sifatliligi bilan xaridorlarga manzur boʻlmoqda. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxona faoliyati bosqichma-bosqich kengayib, farmatsevtika mahsulotlari turi oshib borayotir.
Qoʻshma korxonaning dastlabki bosqichida turli antibiotik, ogʻriq qoldiruvchi, issiq tushiruvchi dori vositalari tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, keyingi yillarda foydalanishga topshirilgan ikkinchi bosqichida sifatli va noyob kukun, shifobaxsh damlama va turli siroplar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Bu bilan 20 ga yaqin dori vositalarining katta mablagʻ evaziga chetdan olib kelinishiga barham berildi.
Mutaxassislarning fikricha, korxona faoliyatining bosqichma-bosqich kengaytirilayotgani mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini rivojlantirib, davolash-profilaktika muassasalarining arzon, sifatli dori vositalariga boʻlgan talabini qondirishga, yurtimizning eksport salohiyatini yana-da oshirishda oʻziga xos oʻrin tutmoqda.
Dorivor giyoh va oʻsimliklariga boy hamda ularni yetishtirish uchun qulay iqlimga ega Surxondaryoda farmatsevtika sanoati yuksalmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 3-maydagi farmoniga asosan tashkil etilgan “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi ham bu boradagi ishlar koʻlamini yana-da oshirdi.
Farmonga muvofiq erkin iqtisodiy zonaga investitsiya kiritgan mahalliy va xorijlik sarmoyadorlarga koʻplab imtiyoz berilayotgani katta qiziqish oʻygʻotgan xindistonliklar janubdagi vohaning iqlimi va dorivor giyohlarini chuqur oʻrganib, shifobaxsh giyohlarni koʻpaytirish, parvarishlash, shuningdek, hududning ihlimiga mos dorivor oʻsimliklarni yetishtirib, maqsadli foydalanish yuzasidan istiqbolli rejalarni belgilab oldi. Shu maqsadda “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, mahalliy shifobaxsh oʻsimliklardan yuqori samarali, ishonchli dori-darmon ishlab chiqarishga bel bogʻladi.
Davlatimiz rahbarining bevosita gʻoyasi asosida barpo etilgan “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi plantatsiyalarida endilikda mahalliy sharoitda oʻsadigan moychechak, olaboʻta, zanjabil, arslonquyruq, namatak, tirnoqgul, gulxayri, qirqboʻgʻin, boʻrigul, kiyik oʻti, kovul kabi koʻplab giyohlar bilan birga xindistonliklar parvarishlaydigan raxitaka, trifala, shankxapushpi, sariq yoʻngʻichqa, qora sedana singari noyob oʻsimliklar ham yetishtiriladi.
–Termiz shahridagi “Nova-Farm” qoʻshma korxonasi dorivor oʻsimliklar plantatsiyasini oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun yaratish, nol sikldan tabletka holatidagi dori vositalarini ishlab chiqarish korpusini modernizatsiya qilish hamda nol siklda quruq va suyuq inyeksiya shaklidagi dori vositalarini ishlab chiqarish loyihalari bilan ishtirok etmoqda, – deydi “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi rahbari M.Ochilov. – Buning uchun sarmoyadorlar 1 million dollardan ortiq investitsiya kiritmoqda. Ayni paytda xorijlik hamkorlar kurkima, shambalay, qora sedana kabi giyohlar plantatsiyasini yaratib, ularni parvarish qilmoqda. Mazkur loyihalar yil yakunigacha foydalanishga topshirilishi bilan mahalliy sharoitda yetishtirilgan dorivor giyohlarni qayta ishlab, arzon, sifatli, samarador va raqobatbardosh dori-darmon ishlab chiqarish boshlanadi.
Qoʻshma korxona jamoasining shifobaxsh giyohlarga boy soʻlim goʻsha imkoniyatlaridan oqilona foydalanayotgani ishlab chiqariladigan dori vositalari tannarxini arzonlashtiradi. Mahalliy bozordan ortiq qismini xorijga joʻnatib, hududning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.