Mahalliy Kengashlar vakillari bilan uchrashuv
Oliy Majlis Senati tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyat mudirlari bilan vakillik organlari faoliyati natijalari hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensaloqa shaklida uchrashuvlar boshlandi.
Dastlab Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridagi mahalliy Kengashlar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan onlayn uchrashuvda Oliy Majlis Senati Raisi T.Norboyeva xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligini ta’minlash, Kengashlar faoliyatida doimiy komissiyalarning o‘rni va rolini kuchaytirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xususan, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida qonunchilik tizimi takomillashtirib borilayotganligi, deputatlarning haqiqiy «xalq vakillari» bo‘lishlari uchun zarur sharoitlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.

bugungi kunda Oliy Majlis Senatiga kiritilayotgan qonunlarni mahalliy Kengashlarda muhokama qilish, hududlardagi muammolarni senatorlar orqali parlamentga olib chiqish va bartaraf etishga ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi, qolaversa, mahalliy Kengashlar doimiy harakatdagi nazorat organiga aylanib borayotganligi qayd etildi.
Shu bilan birga, hali qilinishi zarur bo‘lgan vazifalar ko‘pligi, «deputatlik nazorati tizimi yaratildi» degan xulosa chiqarish maqsadga muvofiq emasligi, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan, turlicha talqin qilinayotgan masalalar mahalliy Kengashlar deputatlarining o‘z faoliyatlarini tanqidiy ko‘rib chiqishni taqozo etayotganligi bildirildi.
Uchrashuvda ayni damda mahalliy Kengashlar va deputatlar faoliyatida turli e’tiroz va tushunmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan bir qator omillarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Zamon talablaridan kelib chiqqan holda vakillik organlarining tom ma’nodagi nazorat institutiga aylanishi uchun mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari va kotibiyatlari tomonidan birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
N.Nasriyev, O‘zA