Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta. Mahalla – fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini, qolaversa, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish instituti sifatida ham alohida mavqega ega. Shu bois ham mahallaning nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda.
Mahalla o‘z faoliyatida odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini ifodalaydi. Tan olib aytishimiz kerakki, barcha ishlar ana shu muqaddas maskandan boshlanadi. Shu ma’noda mahalla azal-azaldan tarbiya o‘chog‘i, odamlarning hamjihatlik, uyushqoqlik asosida turmush kechirishlarini ta’minlovchi muqaddas go‘sha sanalgan.
Katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan oqsoqollar, ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon va onaxonlar mahalladagi barcha ishlarni, marosimu to‘ylarni boshqarganlar. Mahalla ahliga barcha masalalarda yo‘l-yo‘riq, maslahatlar berganlar. Har bir oilaning tinch-totuvligi, har bir kishining odob-axloqi, hulqi, yurish-turishi mahalla kattalari tomonidan nazorat qilingan, boshqarilgan. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, mahalla mazmun va mohiyatiga ko‘ra xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari ulug‘lanadigan o‘ziga xos tarbiya maskanidir. Bugun mahalla ana shu vazifani to‘laqonli bajara olyaptimi, degan savol barchamizning ko‘nglimizdan o‘tishi tabiiy.
Yurtimizda mahalla faoliyatining ana shu o‘ziga xos jihatlari va tashkiliy asoslarini takomillashtirish, mahalla tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan yaqin munosabatini ta’minlash, aholini aniq maqsad sari yo‘naltirish orqali mahallani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bir so‘z bilan aytganda, mahalla maqomini yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan juda ko‘p ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Reaspublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan ushbu farmon va qaror asosida mahallalar qo‘llab-quvvatlanadi, faoliyati yanada takomillashti-riladi. Bundan tashqari, ushbu hujjatlarda «mahallabay» ishlashga mas’ul shaxslar faoliyatini samarali tashkil etish va ularning hamkorligini ta’minlash, shuningdek, mahallalarning o‘z faoliyatini samarali olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishi uchun ko‘maklashishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar, qator vazifalar belgilab berilgan.
E’tiboli jihati, mamlakatimizda keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan “mahallabay”, “xonadonbay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilganligi ijobiy natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tizim asosida Andijon viloyatidagi 909 ta mahalaning har birida muayyan ishlar olib borilmoqda.
Ushbu tizim yoki mahalla beshligi – mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisining samarali faoliyati natijasida Andijon viloyatidagi ko‘plab mahallalarda huquqbuzarlik, jinoyatchilik bilan bog‘liq salbiy holatlar, odamlarni qiynayotgan muammolar kamaydi, mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi yaxshilandi, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish orqali ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, turmush farovonligini yuksaltirish ishlari bir necha pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.
[gallery-15517]
Ayniqsa, “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarning qaysidir yo‘nalishga ixtisoslashuvi mahalladagi mavjud imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash, xalqimizning qadim qadriyatlaridan bo‘lgan “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, pirovardida odamlarning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirmoqda.
Mahalla ixtisoslashuvida ko‘chatchilik, issiqxona yo‘nalishlarida Asaka tumanidagi Devatagi, Otush, Obod, Axtachi, Oltinko‘l tumanidagi Cho‘ntak, Ko‘makay, gulchilik yo‘nalishida Izboskan tumanidagi Botirobod, mebelsozlik yo‘nalishida Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoiyat, Andijon tumanidagi Mard mahallalarida shakllangan ilg‘or tajribalar viloyat mahallalariga ommalashtirilmoqda.
–“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallada konveyr usulida mebel mahsulotlari tayyorlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan, – deydi Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoiyat mahallasida ish olib borayotgan hokim yordamchisi Guldona Qurbonova. – Mahallamizdagi qariyib 400 xonadon ana shu ish bilan shug‘ullanadi. Kimdir stol-stul va boshqa mebel jihozlarining turli qismlarini tayyorlab beradi, kimdir yig‘adi, yana kimdir unga ishlov, jihoz beradi. Shu tariqa mebel mahsulotlari tayyorlanib, xaridorlarga yetkazib beriladi.
Ushbu tamoyil asosidagi ishlar samarasida mahallada ishsizlik muammosi to‘la barham etildi. Ayniqsa, yoshlar maktabdan bo‘sh vaqtlarida “ustoz-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganayotganligi, qo‘shimcha daromad topayotganligi quvonarlidir. Chunki mahallada bekor yurgan biror kishini ko‘rmaysiz. Hamma oilasiga qo‘shimcha daromad kiritish harakatida.
Endilikda ushbu beshlikka hududdagi soliq inspektori hamda ijtimoiy xodimning qo‘shilishi ham, albatta, olib borilayotgan ishlar samarasi va natijadorligini yanada oshiradi.
Prezidentimizning farmon va qarori bilan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan Andijon shahar va tumani mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari konferensiyasida ham mahalla “yettiligi” zimmasiga yuklangan vazifalarni bekamu ko‘st bajarish, mutasaddilarning mas’uliyatini, umuman, mahalla nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan zarur tavsiya va maslahatlar berildi.
Mamlakatimizda mahalla tizimini qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi ishlar, albatta, mahalla nufuzini yanada ko‘taradi, imkoniyatlarini kengaytiradi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari