Mahallalardagi muammolar yechimi deputat nazoratida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Nodira Rashidova Qoraqalpog‘iston bo‘ylab o‘rganishlarni Nukus shahridagi “Jayxun” va “Omonliq guzari” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan uchrashuvdan boshladi.
O‘rganishlar davomida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida deputat “Jayhun” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Bekbosin Tlepov va “Omonliq guzari” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulsara Tansiqova xonadonlarida bo‘ldi. Ushbu xonadon egalari bir necha yillardan buyon termit zararkunandasi bilan kurashib kelmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur zararkunanda ushbu hududdagi boshqa xonadonlarda ham uchramoqda. Muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish, xonadonlarga amaldagi qonunlar doirasida mahalliy hokimlik tomonidan yordam ko‘rsatish masalasini deputat o‘z nazoratiga olishini ma’lum qildi.

Bundan keyin termit zararkunandasi bilan bog‘liq muammolarni chuqur o‘rganish maqsadida deputat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining yetakchi mutaxassislari va olimlari bilan Zoom orqali maxsus onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida zararkunandalarning tarqalishi, ular keltirishi mumkin bo‘lgan zarar, shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ularni yo‘q qilish va oldini olishning samarali usullari muhokama qilindi.
Mutaxassislar zararkunandani bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berdilar. Mazkur jarayonda fuqarolar, mahalla faollari va mutasaddi tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi muhim ekani ta’kidlandi.

Deputat shuningdek, Amudaryo va Ellikqal’a tumanlarida ham bo‘ldi. O‘rganishlar davomida Amudaryo tumanidagi “Boyovul” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi bilan uchrashdi va hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, aholini ish bilan band qilish, to‘y-hasham masalalari yuzasidan muloqot qilindi.
Amudaryo tumani 30-sonli umumta’lim maktabidagi “Konstitutsiya – mening tasavvurimda” shiori ostida o‘tkazilgan viktorinada ishtirok etgan deputat o‘quvchilar bilan yaqindan muloqot qildi.
Viktorina davomida o‘quvchilar mamlakatimiz Konstitutsiyasiga oid savollar yuzasidan o‘z bilimlarini namoyish etishdi. G‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Uchrashuvda yoshlarga Konstitutsiyaning jamiyat taraqqiyotidagi hamda har bir inson hayotida tutgan o‘rni, fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlashdagi ahamiyati yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.

Deputat tuman tibbiyot birlashmalarida ham bo‘lib, aholi salomatligini saqlash borasida yaratilgan qulayliklar, so‘nggi va zamonaviy tibbiy buyumlar bilan ta’minlanganlik holatini o‘rgandi. Bu borada belgilangan ustuvor vazifalar, shuningdek, ayollar salomatligini saqlash borasida olib borilayotgan samarali ishlar natijasi bilan tanishdi.
“Ellikqal’a” ovul fuqarolar yig‘inida fuqarolar bilan muloqot davomida gender tengligi, zo‘ravonlikka hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, aholini ish bilan band qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda davlatimiz rahbarining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori asosida aholini qiynab kelayotgan masalalarga yechim topish va ularni bartaraf etish, bandlikni ta’minlashga qaratilgan masalalar yuzasidan suhbatlar olib borildi, hududlarda ishsizlikni bartaraf etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri