Mahallalarda zamonaviy issiqxonalar ko‘paymoqda
Tomorqa – oilalar uchun xazina, daromad manbai. Harakat qilgan inson kaftdek yerdan ham yaxshigina tirikchilik qiladi, ro‘zg‘or tebratadi. Buni yaxshi anglagan minglab oilalar ayni yo‘nalishda o‘ziga xos maktab yaratib, farovon hayot kechirmoqda.
Farg‘ona viloyatida bu borada o‘ziga xos tajriba yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston tumanidagi mahallalarda tomorqadan samarali foydalanish, aholi bandligini ta’minlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi o‘z tomorqa yerlarida kichik konstruksiyali zamonaviy issiqxonalar qurib, sabzavot va ertaki ekinlar ko‘chatlarini yetishtirmoqda.
Xususan, Nursux mahallasida issiqxonalar tashkil etish, mahsulot yetishtirish va daromad topishda yaxshigina tajriba bor. Mahalladagi 770 ta aholi xonadonining tomorqasida 2,5 gektardan ziyod maydonda issiqxonalar tashkil etilgan. Yildan yilga soni oshib borayotgan issiqxonalarda ko‘plab kishilar doimiy va mavsumiy ish bilan band.
Tomorqasida ana shunday yangi issiqxona tashkil etgan mirishkorlardan biri Mahfuzaxon ona Yuldasheva 10 nafar nabiraning suyukli buvisi. Uydagi kelini bilan tashabbus ko‘rsatib, shu yili 6 sotix yer maydonida yangi issiqxona barpo etdi.
–Ko‘pdan buyon uy sharoitida mevani qayta ishlash bilan ham mashg‘ulmiz. Uydagi tayyor yerning umrini behuda o‘tkazmay, undan oqilona foydalanishni, yaxshi niyatda daromadimizni ko‘paytirishni maqsad qilgandik. Yaratganga shukr, halol mehnatlarimiz samarasi kutganimizdan ziyoda bo‘ldi, - deydi xonadon bekasi Mahfuzaxon ona. – Shu yilning 10-yanvarida bodringning serhosil va xaridorgir navidan 2 ming 300 tupdan ziyod ko‘chat o‘tqazdik. Ilk hosilni mart oyining 1-sanasidan uzishni boshladik. Birinchi yil bo‘lgani uchun soha agronomlarining qimmatli maslahatlariga astoydil tayandik.
Tomorqa egasining qo‘shimcha qilishicha, hozirgacha 3-4 marta hosil yig‘ishtirilgan, ayni kunlarda esa 6 sotixli maydondan kuniga 120 kilogrammdan ziyod bodring uzib olinyapti. Uning bir kilosi 31 ming so‘mdan sotilmoqda. Yaqin kunlarda esa bir uzganda 300 kilogrammdan ziyod hosil yig‘ishtirib olish mumkin ekan.
Issiqxonada oila a’zolari bilan birgalikda 2 nafar qo‘shnining ham bandligi ta’minlanib, ularga maosh to‘lanyapti. Bu ishlar ro‘yobida mahalladagi hokim yordamchisi ko‘magida oila uchun ajratilgan 25 million so‘m imtiyozli kredit ham asqatdi.
Mahalladagi yana bir tadbirkor mirishkor Abdushukur Soliyev 25 sotix maydonda yangi issiqxona tashkil etib, 9 ming 200 tup pomidor parvarishlamoqda. Bu yerda yetishtirilgan sara mahsulotlar bir oyning nari-berisida bozorga olib chiqiladi. Issiqxonada 6 nafar mahalladoshlarning bandligi ham ta’minlangan.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri