Mahallalarda tadbirkorlik yanada rivojlanadi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori Mirzohid Ubaydullayev mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov hamrohligida dastlab tumanning eng olis Chandirobod mahallasiga borildi. Ushbu mahallada yashovchi tadbirkor Davronbek Bobomurodov ancha vaqtdan buyon supurgi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi. Bir qaraganda kam daromadli tuyuladigan ushbu hunar hozirda mahalla aholisining asosiy daromad manbaiga aylangan. Tadbirkor ishlab chiqarayotgan supurgi hatto xorijga ham eksport qilinmoqda.


–Joriy yildan ushbu mahsulotni yanada ko‘proq ishlab chiqarish maqsadida past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlardan aholiga ajratib berilgan 45 gektar yer maydoniga “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida supurgi yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi tuman hokimi yordamchisi G‘.Nazarov. – Shu orqali 80 nafar ehtiyojmand aholining bandligini ta’minlandi.
Supurgi yetishtirishni oilaviy kasbga aylantirgan oilaviy korxona sohiblari har yili 150 ming dona supurgi bog‘lab, 300 million so‘m atrofida daromad oladi.


– Supurgichilik yo‘nalishining mashaqqatlari ko‘p, lekin daromadi yaxshi bo‘larkan, – deydi Davronbek Bobomurodov. – Hatto uning poyasi va donini chorva uchun tayyor ozuqa sifatida ishlatish mumkin.
Darg‘abog‘i mahallasida oddiy uy sharoitida chorva boqib, daromad topayotgan oilalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Mahallaning deyarli har bir xonadonida qoramol boqiladi. Zokir aka Saylixonov ham bu borada ko‘pga ibrat bo‘lib kelmoqda. Ayni kunda ushbu xonadonda 50 dan ortiq qoramol parvarishlanmoqda.

– Qoramol boqish bo‘yicha orttirgan tajribamiz evaziga mo‘’jazgina hovlimizda parvarish qilayotgan qoramollarimizni har 4 oyda so‘yishga tayyor holatga olib kelamiz, – deydi Zokir aka. Har bir moldan o‘rtacha 3-3,5 million so‘m daromad qolishini hisobga olsak, ushbu vaqt mobaynida ko‘radigan sof foydamiz 150 million so‘mni tashkil qiladi.
M.Ubaydullayev tumanda aholini kambag‘allikdan chiqarish yo‘lida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishar ekan, ushbu jarayonda bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishga doir o‘z tavsiyalarini ham berib o‘tdi.
Zarif Komilov, O‘zA