Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yaratilgan tizim o‘z natijasini berayotgani qayd etildi
So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi.
Bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishildi.
Jinoyatchilikni jilovlashga mas’ul ilmiy tashkilotlar bilan birga namunali mahallalar tajribasi asosida metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.
Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, planshetlariga integratsiya qilingan tajriba ham ijobiy natija bergan. Bu orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnoma to‘ldirish va sudga material yuborish avtomatlashgan.
Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqarib, ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygan. Mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA