Mahallalarda chempionlar kamol topmoqda
Mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib voyaga yetkazishda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallamiz pahlavonlari” kabi sport musobaqalarining ahamiyati katta.
Mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib voyaga yetkazishda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Futbolimiz kelajagi”, “Mahallamiz pahlavonlari” kabi sport musobaqalarining ahamiyati katta.“Futbolimiz kelajagi” musobaqasi mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida futbolni yanada ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etilgan musobaqalarda 9-10, 11-12 va 13-14 yosh toifalaridagi bolalar va o‘smirlar o‘zaro raqobatlashdi. Turnirning quyi bosqichlari 8682 fuqarolar yig‘inida tashkil etilib, ularga mahallalardagi futbolga ixlosmand bolalar va o‘smirlar qamrab olindi. Musobaqalarda ishtirokchilar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 20,5 foizga oshgani navqiron avlod o‘rtasida futbolga qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.
“Futbolimiz kelajagi” musobaqasining Toshkent shahar bosqichida Shayxontohur tumanidagi Oqtepa mahallasining “Oqtepa”, Chilonzor tumani 2-Katta Chilonzor mahallasining “Chilonzor”hamda Uchtepa tumani Beshqayrag‘och mahallasining “Uchtepa” jamoalari g‘alaba qozondi.
– Mahallamizda farzandlarimiz bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, – deydi “Oqtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Dilbar Jamolova. – Buning samarasida futbol jamoamiz musobaqalarda birinchilikni qo‘lga kiritdi.
Darhaqiqat, mazkur mahallada yashovchi yoshlarning sportga mehri baland. Mahallada yuzdan ziyod o‘g‘il-qiz sportning futbol, karate, taekvondo, voleybol, suzish kabi turlari bilan muntazam shug‘ullanadi.
– “Futbolimiz kelajagi” musobaqasi qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi, – deydi “Oqtepa” jamoasi murabbiyi Javohir Ochilov. – Bunday musobaqalar bolalarning tajriba va mahoratini sinovdan o‘tkazish bilan birga, futbolga ishtiyoqini yanada oshiradi. Kelajakda bolalarning barchasi ham futbolchi bo‘lmasligi mumkin. Biroq ular sog‘lom turmush tarziga rioya qilib voyaga yetadi, har tomonlama barkamol insonlar bo‘lib ulg‘ayadi.