Yurtimizda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida ichki ishlar organlari tomonidan tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yil 15 apreldan 15 mayiga qadar Toshkent viloyati hududida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” shiori ostida keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

Hududlarda kriminogen vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi shaxslarni aniqlash, ularning faoliyatiga chek qo‘yish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi osoyishtaligini ta’minlash, giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish kabi jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Natijada giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 243 ta holat aniqlandi. Tadbirlar davomida 39,3 kilogramm giyohvandlik vositasi hamda 9 ming 58 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomaladan olindi. Narkotik moddalarni targ‘ib qiluvchi 1 ming 218 ta chizilgan graffiti yozuvi aniqlanib, o‘chirildi. Shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi dori va sintetik giyohvandlik vositalari “zakladka” si bilan shug‘ullangan 20 nafar shaxs qo‘lga olindi.
Shu bilan birga, 9 dona o‘q otar, 21 dona pnevmatik qurol va 283 dona o‘q-dori daliliy ashyo sifatida musodara qilindi. Mahallalardagi o‘g‘irlik jinoyatining oldini olish maqsadida xonadonlar, avtoturargohlar va jamoat joylariga kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Bundan tashqari, 1 ming 546 ta holatda noqonuniy saqlanayotgan sovuq qurol aniqlanib, 1 ming 600 ta o‘tkir tig‘li jism tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida esa 48 mingdan ziyod qoidabuzarlik holati qayd etildi. Shundan 11 mingdan ortig‘i qo‘pol turdagi qoidabuzarlik bo‘lib, 446 ta holatda haydovchilar spirtli ichimlik ichib transport vositasini boshqargani aniqlandi. Shu bilan birga 2 ming 800 ta holatda esa haydovchilar tegishli hujjatsiz transport vositasini boshqargani ma’lum bo‘ldi.

Qo‘riqlash xizmati bo‘yicha 2 ming 723 ta ob’ekt, jumladan, xonadon va ijtimoiy muassasalar texnik qo‘riqlovga olindi. Tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 84 nafar qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olinib, 45 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topildi va oilalariga qaytarildi.
Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi profilaktik tadbirlar joylarda izchil davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.