Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mahallalar nomlari va chegaralari qonunchilik asosida qayta ko‘rib chiqiladi

Bu haqda Davlat kadastrlari palatasi Respublika toponimika boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Jasanov ma’lum qildi.

Mutaxassis qayd etganidek, mahallalarni tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish hamda chegaralarini belgilash va o‘zgartirish jarayoni qat’iy qonunchilikka asoslanadi. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 4 martdagi 48‑son qarori va fuqarolar yig‘ini kengashlari takliflari asosida Xalq deputatlari viloyatlar yoki Toshkent shahar kengashlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.

Mahalla nomlari fuqarolarning tashabbuslari, mahallalarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda korxonalar va muassasalar iltimoslari asosida belgilanadi. Kadastr agentligi nomlarning qonunchilik talablariga muvofiqligini davlat ekspertizasi orqali tekshiradi va tegishli xulosalar asosida Xalq deputatlari kengashlariga kiritadi.

Barcha jarayonlar, jumladan mahallalar chegaralari va nomlariga oid masalalar, tuman (shahar) hokimi va idoralararo doimiy komissiya nazoratida amalga oshiriladi. Ular takliflarni joyiga chiqib o‘rganib, qanoatlantirish yoki qanoatlantirmaslik to‘g‘risida xulosa tuzadi va yuqori kengashlarga kiritadi.

Hozirda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va Kadastr agentligi hamkorligida 9 008 ta mahalla chegaralari xatlovdan o‘tkazilgan va ularning geoaxborot bazasi shakllantirilgan. Shu bilan birga, 1 974 ta mahallaning nomlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan va Xalq deputatlari kengashlari qarorlari asosida rasmiy ravishda o‘zgartirilgan.

Ushbu jarayon mahallalar faoliyatini tartibga solish, chegaralarni aniqlash va ma’lumotlarni geoaxborot tizimi orqali elektronlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Mahallalar nomlari va chegaralarini yangilash, fuqarolar tashabbuslari bilan birga, mahalla faoliyatini yanada shaffof va samarali tashkil etish imkonini beradi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA