Mahalladan katta sport sari
FOTOREPORTAJ
Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” uchun o‘g‘il bolalar o‘rtasida gandbol musobaqasining Respublika bosqichiga start berildi.
Musobaqaning dastlabki kunida tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar sport boshqarmasi va O‘zbekiston Gandbol federatsiyasi mutasaddilari, musobaqa ishtirokchilari hamda sport sohasi vakillari qatnashdi.
[gallery-31340]
Ayni paytda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan, hududiy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar o‘rtasida qizg‘in bellashuvlar kechmoqda. Yosh gandbolchilar har bir uchrashuvda o‘z mahoratini namoyon etib, jamoasi sharafini munosib himoya qilish uchun bahs olib bormoqda.
Bellashuvlarda sportchilarning jismoniy tayyorgarligi va texnik mahorati bilan bir qatorda, jamoaviy harakat, tezkor qaror qabul qilish va g‘alabaga intilish kabi fazilatlari ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
[gallery-31341]
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilayotgan mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida gandbolni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni saralab olish va ularning sport mahoratini yuksaltirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, musobaqa yosh gandbolchilar uchun o‘zaro tajriba almashish, yangi sport do‘stliklarini o‘rnatish va kelgusidagi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Musobaqa 11-sentabrga qadar davom etadi. Bellashuvlar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, munosib taqdirlanadi.
Muhammad AMIN, O‘ktam HAYITOV (surat), O‘zA