Mahallada yoshlar bilan qanday ishlash lozim?
Mahalla tizimidagi islohotlarning eng muhim jihati – endilikda barcha sohalar bo‘yicha masalalar shu yo‘nalishlar mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Masalan, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha hokim yordamchisi shug‘ullansa, yoshlar muammosi bilan yoshlar yetakchilari ishlayapti. Xotin-qizlar masalalari esa, mahalladagi xotin-qizlar faoli tomonidan o‘rganilmoqda. Mahalla raisi mana shu mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtirib bormoqda.
YOSHLAR BILAN ISHLASHNING VERTIKAL TIZIMI
Ishni to‘g‘ri tashkil etishda barcha yo‘nalishlarda chora-tadbirlar belgilab olingan. Jumladan, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, vertikal tizimni yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori asosida ish olib borilmoqda.
Unga ko‘ra, har bir shaharcha, qishloq, ovuldagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, uning asosiy vazifalari belgilandi.
Endilikda yetakchilar «Yoshlar balansi»ni shakllantirish, ular to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib, samarali ish tashkil qilmoqda.
Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashmoqda.
O‘ziga biriktirilgan mahallalarda madaniyat va san’atni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, ma’naviyat va kitobxonlik targ‘iboti, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalarga ham mas’ul.
Bir qator yordam turlari yetakchining tavsiyasi asosida berilmoqda. Yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, ular faoliyatiga kredit, subsidiya va boshqa yordam choralarini jalb qilish bo‘yicha mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.
Yetakchi lavozimiga nomzodlar tuman (shahar)lar hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligiga ham bir qator vazifalar yuklangan. Jumladan, ish faoliyati natijalariga ko‘ra, yetakchilarni Milliy kadrlar zaxirasiga kiritish, bunda ushbu yetakchilar tanlovsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqori lavozimlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning hududiy filiallari mas’ullari tomonidan yoshlarga oid Prezidentimizning farmon va qarorlari, shuningdek, hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarni joylarda yoshlar bilan uchrashuvlar, seminar-treninglar tashkil etish orqali yetkazmoqda.
Shuningdek, ikki yillik mehnat faoliyati natijalariga ko‘ra, yetakchilarning lavozimini oshirish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Agentlik tomonidan taklif kiritilishi belgilandi.
E’tiborlisi, bugunga kelib, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Yoshlar ishlari agentligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda Yetakchilar ish faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga erishildi hamda elektron reyting tizimi (KPI) joriy etildi.
«Yoshlar daftari» axborot tizimi «Onlayn mahalla» platformasi bilan integratsiyalanadi.
Quvonarlisi, shu yil 7 iyunda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining «Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 1 iyuldan «Yoshlar daftari» axborot tizimi «Onlayn mahalla» platformasi bilan integratsiyalanadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BXMning 4 baravarigacha (hozirda 1 200 000 so‘m) hamda xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun 40 baravarigacha (12 000 000 so‘m) miqdorida subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.
Shuningdek, moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 30 yoshdan oshmagan bemor fuqarolarga mamlakatda yoki xorijiy davlatda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun 50 baravaridan oshmagan miqdorda (hozirda 15 000 000 so‘m) subsidiya ajratilmoqda.
Shu o‘rinda yuqoridagi qarorda belgilangan ayrim bandlar mahalliy hokimliklar tomonidan to‘liq bajarilmaganini ham kuzatish mumkin. Jumladan, 2022 yil 1 martga qadar yetakchilar uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan xizmat xonalarini ajratish va ularni moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter to‘plami, aloqa, internet va boshqalar) bilan ta’minlash belgilangan bo‘lsa-da, bugun bu vazifalar mas’ullar tomonidan to‘liq bajarilmayapti.
Mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar ushbu kamchiliklarni imkon qadar tezroq bartaraf etishmasa, hududlarda yoshlar bilan ishlashdan ko‘zlangan maqsadga yetishda muammolar kuzatilaveradi.
Maryam ABDUKARIMOVA,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining
Toshkent shahar filiali bosh inspektori,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)