Amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Yil boshidan hududlarda byudjetga tushum 26 foizga o‘sdi. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazmda o‘sish respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga ham chiqmadi.
Yer, mol-mulk va suv soliqlari mahalliy byudjetda qoldirilmoqda. Lekin faqat shu soliqlarni uyma-uy yurib undirishga soliqchilarning 70-80 foiz vaqti sarflanmoqda.
– Bu bir so‘m soliq yig‘ish uchun ikki so‘m resurs sarflash bilan barobar emasmi? Aslida, Soliq qo‘mitasi rahbariyati, viloyat, tuman soliq rahbarlari televideniye, gazeta, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, soliq to‘lash majburiyat emas, konstitutsiyaviy burch ekanini tushuntirsa, soliqlarni odamlarni o‘zi to‘lab qo‘yadiku! Agar mahalladagi soliqchi bunga ketgan vaqtini soliq bazasini kengaytirishga sarflasa, tushum karra-karra oshadi, – dedi Prezident.
Mutasaddilarga mahallada yer, mol-mulk, suv soliqlarini undirishning yangi mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.
O‘zA