Sog‘lom jamiyat sog‘lom insonlar bilan barpo etiladi. Ana shu g‘oya asosida Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi Mirzo Ulug‘bek mahallasida sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Yangi O‘zbekiston – jonajon yurtim!” shiori ostida “Yangi nafas” yurish marafoni tashkil etildi.
Ushbu tadbir tuman hokimligi, mahallalar uyushmasi, sport bo‘limi hamda tibbiyot birlashmasi hamkorligida uyushtirilib, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, sog‘lom turmushni keng ommalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yurish marafonida qatnashganlar orasida turli yosh vakillari bor edi. Qolaversa, butun oilalarning birgalikda ishtirok etishi tadbirning samimiy muhitini yanada boyitdi. Bu faqat sport emas, balki birlik va hamjihatlikning ham namunasi bo‘ldi.
–Sport va sog‘lom hayot – bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalar. Bu marafonda oilamiz bilan qatnashdik. Bunday tadbirlarni muntazam tashkil etish kerak. Chunki sog‘lom inson jamiyatga ham foyda keltiradi,–deydi mehnat faxriysi Abdujabbor bobo Ko‘paysinov.

Piyoda yurish chog‘ida yoshi ulug‘ insonlar o‘z hayot tajribasiga tayangan holda qimmatli pand-nasihatlari bilan yoshlarga murojaat qilishdi. Bu esa avlodlar o‘rtasida uzviylik, mehr-muhabbat va o‘zaro hurmat muhitini yanada mustahkamlashga ko‘maklashdi.
Marafon nafaqat jismoniy faollik, balki toza havo, tabiat bag‘rida birlashish, stressdan xalos bo‘lish va ruhiy osoyishtalikni topishga xizmat qildi. Buni tadbirda ishtirok etgan ko‘plab fuqarolarning yuzlaridagi tabassum, shodlikdan bilish mumkin edi.
Xullas, bu kabi tadbirlar nafaqat sog‘liqni mustahkamlash, balki jamoatchilikda birlik, ma’naviyat va ijtimoiy faollikni yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri