Mahallada yangi kutubxona ochildi
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "G‘alaba" mahalla fuqarolar yig‘inida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati hamda tuman hokimligi hamkorligida yangi barpo etilgan kutubxonaning ochilishi bo‘lib o‘tdi.
"Kitob va kitobxonlik - inson ma’naviyati ko‘zgusi" nomli ushbu ma’rifiy tadbirda olimu ijodkor ziyolilar, nuroniy otaxonu onaxonlar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida yangi ochilgan mazkur kutubxonaga yurtimiz va jahonning yuzga yaqin adiblarining mingta kitobi tuhfa etildi.

"Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuhamedova, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova va boshqalar mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat sohasidagi yangilanish jarayonlari xususida batafsil so‘z yuritdilar.

Aytish kerakki, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi o‘tkazilishi belgilangan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari yil yakuniga qadar 12 yo‘nalishda tashkil etiladi. Xuddi shunday kutubxonalarni tumanidagi yana ko‘plab mahallalarda tashkil etish ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova,
O‘zA