Mahallada qo‘ziqorin kooperatsiyasi (+video)
O‘rta Chirchiq tumanining “Do‘stlik” mahallasida 600 xonadon mavjud bo‘lib, “bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida 50 ta xonadon qo‘ziqorin yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi. Mahallada ishsiz fuqaroning o‘zi yo‘q. Xonadonlarga biriktirilgan 8-10 sotix tomorqa yerlaridan unumli foydalanib, har birlari o‘z bandligini ta’minlashgan. Masalan, Bahodir Hasanov xonadonida 6 sotix issiqxona qurilgan va unda qo‘ziqorinning bozorbop navi yetishtiriladi. Qolgan yerida ko‘kat ekib, daromad topadi. Oilasining 5 a’zosi, 3-4 nafar qo‘shni ayollar doimiy ish bilan band. Uy egasi tayyor mahsulotni bozorga yoki mahalladagi korxonaga topshiradi.
“Maneev agroklasteri” rahbari asosan dalada poliz mahsulotlarini yetishtiradi. Shu bilan birga tomorqasida qo‘ziqorinchilikni yo‘lga qo‘ygan. Oila a’zolari, qo‘ni-qo‘shnilar jami 10 nafar fuqaro ish bilan band. Sheluxa, ohak, kepak solingan mana bu qopchalarga qo‘ziqorin urug‘idan ekilib, qamish bilan o‘ralgan issiqxonada parvarish qilinadi. Mahsulot 40 kunda tayyor bo‘ladi. Qo‘ziqorinlar sog‘lom va bozorbop bo‘lishi uchun 20-23 daraja issiqlik va namlik ta’minlanishi lozim.
- Men bu mashg‘ulot bilan 9-yildan buyon shug‘ullanib kelaman, -deydi “Maneev agroklasteri” rahbari Rustam Mivanchinov. - Mahallamizda qo‘ziqorinchilik yo‘lga qo‘yilganiga 20-yildan oshdi. Men faqat qayta ishlash sexini tashkil qildim xolos. Ko‘rib turganingizdek bu kimyoviy qo‘shimchalarsiz toza mahsulot. Tabiiy usulda yetishtirishga harakat qilamiz. Bizda kooperatsiya ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Mana bu qopchalarni tayyorlab aholiga yetkazib beraman, ular yetishtirib bizga topshirishadi, so‘ngra qadoqlaymiz. Bizni ishlab chiqarish Xitoy texnologiyasiga asoslangan. Buni Gollandiya texnologiyasidan farqi, yer maydoni iqtisod qilinadi. Masalan, mana shu joyda 5 tonnagacha hosil olamiz. Buni parvarish qilish juda oson. Kuniga bir marta sug‘orib, keyin tayyor bo‘lganda yig‘ishtirib olinadi. Xullas, mehnati yengil, daromadi yuqori.
E’tiborlisi, tadbirkor tomonidan tashkil etilgan sexda o‘zi va mahalla tomorqachilarining mahsulotlari qadoqlanib, bozorga chiqariladi. Qo‘shimcha qiymat hosil bo‘ladi. Mahalla aholisidan kooperatsiya asosida yig‘ishtirib olingan qo‘ziqorinlar sifatini yo‘qotmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridorga yetkaziladi. Mahsulotni qadoqlangan xolatda 2-yilgacha saqlash mumkin bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo‘ziqorin immunitetni mustahkamlaydi, qon tomirlarni tozalaydi, xolesterinni kamaytirishga yordam beradi, aqliy qobiliyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, asab tizimini yaxshilaydi, teri, soch va tirnoqlarni sog‘lomlashtiradi. Qo‘ziqorinning turiga qarab boshqa shifobaxsh xususiyatlari ham mavjud.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/DV0vRpCODt8?si=L-Sbh2hZ9cXIqYuy" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov,Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA