Mahallada nega jinoyat ko‘paydi?
Kattaqo‘rg‘on shahridagi Oq oltin mahallasida 802 ta xonadonda 4552 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi ko‘p muammolarga yechim topilgan. Ichki yo‘llar va piyodalar yo‘laklari, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlari yangidan ta’mirlangan. Mahallada fayz bor, obodlik, orastalik bor.
Mahalla binosi ham yangidan qurilgan.
Xullas, mahalla havas qilgudek. Biroq, mahallada 2021 yilning 11 oyi davomida 6 ta jinoyat sodir etilgan. Ya’ni, 1 ta firibgarlik, 1 ta o‘g‘rilik, 1 ta tan jarohati yetkazish va 3 ta giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat yuzaga kelgan.

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi T. Fayziyev mahallada aholi vakillari bilan uchrashib, bu holatning sabab va oqibatlarini muhokama qildi.
- Har bir huquqbuzarlik, har bir jinoyat jamiyatimiz uchun dog‘, - dedi O.Hayitov. - Mahalla katta bir oila ekanligini inobatga olsak, bu hammani birdek tashvishga solishi kerak. Mahallaning ko‘zi, yuzi va vijdoni bo‘lgan faollar, nuroniylar, kayvonilar bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishi, aholi bilan suhbatlar o‘tkazishlari lozim.

Tadbir davomida viloyat sudlari raislari sayyor qabul o‘tkazib, fuqarolarning muammolarini tingladi. 30 yaqin fuqaro viloyat sudlari raislariga yerga oid, shartnomaviy munosabatlar, kredit bilan bog‘liq nizolar, shuningdek, yuritilayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha hamda jazodan ozod qilish masalalarida murojaat qildi. Ularning har biri bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, sud-huquq masalalariga oid murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi.
Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudi tomonidan sayyor sud majlisi tashkil etildi. Sayyor sudda sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun jazo o‘tayotgan 21 nafar shaxs jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilindi. Albatta, har bir holat alohida o‘rganilib, shaxsning qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganligi, jazodan tegishli xulosa chiqarganligi e’tiborga olindi.

G‘.HASANOV, O‘zA