Mahallada ijtimoiy himoya samarasi
Bugun mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ehtiyojmand qatlam vakillarining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu borada mahalla institutining o‘rni va ahamiyati beqiyos. Zero, har bir inson taqdiriga yaqindan yondashish, uning muammolarini joyida hal etish aynan mahallada amalga oshiriladi. Shu ma’noda, Buxoro viloyati Jondor tumanidagi "Navgadi" mahalla fuqarolar yig‘inida olib borilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
Mahallada bugungi kunda 6130 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular orasida 229 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro, 98 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs hamda 67 ta ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila mavjud. Bir qarashda bu raqamlar oddiy statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo har bir raqam ortida inson taqdiri, uning dardi, orzusi va umidi mujassam.

Ana shu taqdirlarga befarq bo‘lmay, har bir oilaning dardiga darmon bo‘lishga intilgan insonlardan biri — mahalla ijtimoiy xodimi Muhabbat Hayitova. Uning faoliyati oddiy tashriflar bilan cheklanib qolmay, balki har bir holatga alohida yondashuv, insoniy mehr va kasbiy mahorat uyg‘unligida olib borilmoqda.

— Ijtimoiy xodimlik — bu faqat vazifa emas, — deydi Muhabbat Hayitova. — Bu avvalo inson qalbini his qilish, uning og‘rig‘ini o‘zingnikidek qabul qilish demakdir. Har bir xonadonga kirganingda sen nafaqat muammoni, balki umidni ham ko‘rishing kerak. Shu umidni saqlab qolish va mustahkamlash — bizning asosiy vazifamiz. Biz uchun eng katta yutuq — insonning ko‘zlarida umid paydo bo‘lishi. Agar kimdir o‘zini jamiyatga kerakli deb his qila boshlasa, demak, mehnatimiz samara bermoqda.
Uning sa’y-harakatlari natijasida mahallada ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga erishilmoqda. Xususan, 12 nafar keksa sihatgohlarda sog‘lomlashtirilib, ularning salomatligi tiklandi. 25 nafar ehtiyojmand shaxs protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlandi. Bu esa ularning kundalik hayotini yengillashtirib, mustaqil harakatlanish imkoniyatini kengaytirdi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat hayotiga faol jalb etish ham ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Jumladan, 10 nafar fuqaroning ish bilan ta’minlanishi ularning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini oshirdi. Shuningdek, 12 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs adaptiv sport turlariga jalb qilinib, ularning jismoniy va ruhiy holatini yaxshilashga erishildi.
Mahallada yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 7 nafar bola vasiylik, homiylik va patronat asosida oilalarga joylashtirilib, mehr-muhabbat muhitida tarbiyalanmoqda. Shuningdek, 12 nafar alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar inklyuziv ta’lim tizimiga jalb qilinib, ularning tengdoshlari qatorida bilim olishiga sharoit yaratildi.

Bu ezgu ishlar samarasini inson taqdiri misolida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Adizjon Azimov uzoq vaqt davomida sog‘lig‘i tufayli ta’limdan chetda qolgan edi. Ijtimoiy xodimning tashabbusi va ko‘magi bilan u inklyuziv ta’limga jalb etildi. Bugun u tengdoshlari bilan birga bilim olib, hayotga bo‘lgan ishonchi va kelajakka umidi ortmoqda.
Xulosa qilib aytganda, "Navgadi" mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirilayotgan ishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, tizimli yondashuv, insoniylik va fidoyilik uyg‘unlashganda, eng og‘ir hayotiy vaziyatlarni ham yengib o‘tish mumkin. Eng muhimi esa insonlarga umid bag‘ishlash, ularni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida qo‘llab-quvvatlashdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri