Mahallada bunyodkorlik ishlari avjida
FOTOREPORTAJ
Yurtimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida Andijon shahrida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Shaharning Sadoqat mahallasida hudud qiyofasini yanada obod etish, aholi uchun qulay va farovon turmush sharoitini yaratishga qaratilgan ishlar alohida e’tiborga molik. Aholi, ayniqsa, yoshlar faol ishtiroki bilan ichki ko‘chalar tartibga keltirilib, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-30865]
Bugungi kunda mahallada qariyb 9 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 1 ming 800 nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Hududda amalga oshirilayotgan har bir bunyodkorlik tashabbusida aholi manfaati, inson qadri va turmush farovonligini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
«Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» doirasida mahalladagi 8 ta xonadonda ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu jarayonda mahalla ahlining birdamligi va o‘zaro mehr-oqibati yana bir bor namoyon bo‘ldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning uy-joylarini hashar yo‘li bilan ta’mirlash ezgu an’anaga aylangan.
— Mahallamizda obodlik ishlarini faqat qurilish yoki ta’mirlash bilan cheklamaymiz, - deydi mahalla raisi Oybek Madibekov. — Asosiy maqsadimiz aholi uchun munosib sharoit yaratish, odamlarning kayfiyatini ko‘tarish va mahallada o‘zaro mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashdir. Hasharda ishtirok etayotgan har bir insonning tashabbusi va qo‘shnisiga ko‘rsatayotgan yordami muhim ahamiyatga ega. Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, har qanday ezgu maqsadga erishish mumkin.
Mahallada infratuzilmani yaxshilash ishlari ham izchil davom etmoqda. Xususan, 6 ming 270 metr ichki ko‘cha asfaltlanmoqda. Shuningdek, quyosh panellari bilan jihozlangan 90 ta tungi chiroq o‘rnatilmoqda.
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 500 metr suv tarmog‘i tortildi. Ayni paytda 300 metr lotok o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun yana bir transformator o‘rnatilmoqda.
Amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari mahalla ahlini yagona maqsad atrofida birlashtirib, hududning obod qiyofasini shakllantirish, aholi uchun yanada qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA