“Mahallabay” ishlashda Uychi tajribasi
Namanganda viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Ishtirokchilar “Mahallabay” tizimi asosida Uychi tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Uychi tumanida 56 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. “Vatan ichra kichik vatan” sanalgan mahallalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xayrli tashabbuslar kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar tarbiyasi, bandlik, ijtimoiy himoya kabi yo‘nalishlarda o‘z samarasini bermoqda.

Press-tur ishtirokchilari dastlab tumandagi “Gulbog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyati bilan tanishdi. 23-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida “Bir nuroniyga 10 nafar yosh” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuv yakunida nuroniylar maktabning faol o‘quvchisi Muhammadsiddiq Tojimirzayevga “1+10” loyihasi asosida sovg‘a topshirib, qolgan o‘quvchilarni ham faollikka chaqirdi.

Soku mahallasidagi o‘zgarishlar tahsinga sazovor. Mahala hashar yo‘li bilan qurilgan zamonaviy binoda faoliyat olib bormoqda. Yig‘in binosida tashkil etilgan kutubxona 9 mingga yaqin adabiyotlar fondiga ega ekani e’tiborga molik. 815 ta xonadondagi 920 ta oila asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Joriy yil boshidan buyon “Yoshlar daftari” dagi yigit-qizning 12 nafari doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Yaqinda esa mahallada aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida tibbiyot punkti faoliyat boshladi.

Muhammadvali Otaqo‘ziyev – sokulik katta hayotiy tajribaga ega nuroniylardan. Uyidagi 4 sotixli tomorqa, aytish mumkinki, daromad manbaining o‘zi. Poliz mahsulotlarini yetishtirib ortganini bozorga olib chiqayotgan xonadon sohibi keyingi paytda yangi yong‘oq navini parvarishlashni yo‘lga qo‘ydi. Yillik daromad esa 30 million so‘mga yetdi. Shu bilan birga, mazkur ishbilarmon xonadonida zotli parrandalar ham boqilyapti.

Tumandagi ilg‘or mahallalardan biri – Hojiobodda yashovchi Eldar Konserov uzoq yillardan buyon asalarichilik bilan shug‘ullanadi. U uch yuzdan ziyod shogirdlar yetishtirgan. Ekologik jihatdan toza, shifobaxsh asali bilan nafaqat tumanda, balki viloyatda ham nom taratgan tadbirkor tomorqasida yuzdan ortiq yashiklarda boqayotgan asalari mahsuloti ichki bozordan tashqari Rossiya Federatsiyasiga ham eksport qilinmoqda. Bu esa ota kasbini davom ettirayotgan oilaga har yili 75 million so‘mdan ortiq daromad olib kelmoqda.

Mustaqillik mahallasida yashovchi usta bog‘bon Anvarjon To‘raxonov jurnalist va blogerlarga uzumchilikdan oddiy usulda yuqori hosil olish tajribasi haqida gapirib berdi.
– Prezidentimiz oz yerdan ko‘p daromad olish borasida uzumchilik eng yaxshi yo‘nalish ekanligini ko‘p bora ta’kidlagan, – deydi usta bog‘bon. – Chindan ham, uzumchilik bilan shug‘ullanish serdaromad hosil olish garovi ekaniga o‘z ishimda iqror bo‘ldim.

Darhaqiqat, uychiliklar har bir qarich yerdan oqilona foydalanish hadisini olgan. Birgina, Qo‘rg‘oncha mahallasida bir gektar yerga 300 ming tup terak qalamchalari ekilgan. Kelgusi yilda ular ko‘chat sifatida sotilsa, 1 milliard so‘m atrofida daromad keltirishi aniq. Bu mablag‘, albatta, fuqarolar yig‘ini ixtiyorida qoladi. Shu yilning yanvar oyidan mahalla fuqarolar yig‘inlarida joriy etilgan yangi lavozim – tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilarining faoliyati samara bera boshladi.
Buning yorqin isboti sifatida, tumandagi Navoiy mahallasida ishlayotgan Kamoliddin Najmiddinov qisqa fursatda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlarni birlashtirib, kichik biznes sohasiga tortdi. Uning ko‘magi bilan Shukrullo Qahramonov bo‘sh turgan binoda “Dilim-xome-tekstil” kichik korxonasini tashkil etdi. Buning uchun davlat tomonidan unga 101 million so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lsa, 70 million so‘m mablag‘ni tadbirkor o‘z sarmoyasi hisobidan sarfladi. Natijada 25 nafar yigit-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Hozirda korxonada erkaklarning mavsumiy kiyimlari ishlab chiqarilmoqda.

Xo‘jaobod mahallasidan Ilhomjon To‘xtamirzayev o‘z xonadonini kichik kulolchilik korxonasiga aylantirib, 20 turda chinni mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlar qo‘shni Qirg‘izistonga eksport qilinyapti, ichki bozorda ham xaridorgir. Yorkatay mahallasidagi namunali oilalardan biri – Boltaboyevlar xonadoni tomorqachilik xo‘jaligida qizg‘in va samarali mehnat qilayotganlardan. Xonadon egalari issiqxonada pomidor va sitrus mevalar yetishtirish asnosida chorvachilik bilan ham shug‘ulanayotgani tahsinga sazovor.
Jurnalist va blogerlar, shuningdek, tuman mahallalaridagi kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, “Ayollar daftari” da turuvchi opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish yuzasidan olib borilayotgan ishlar samaralarini Navoiy mahallasi hududidagi "Dilim home tex" kichik korxonasi misolida ko‘rishdi.
– “Mahallabay” tizimi asosida Uychi tumanida yo‘lga qo‘yilgan tajribani, mahallalar hayotidagi bunday ijobiy o‘zgarishlarni viloyatimizning boshqa tumanlarda ham ko‘rish mumkin, – deydi Namangan viloyati Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon A’loxo‘jayev. – Albatta, yurtimizdagi islohotlar samaralarini xalqimizga va jamoatchilikka keng yetkazishda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarning hissasi beqiyos. Shu ma’noda, bunday press-turlarni har bir tumanda tashkil etamiz. Maqsadimiz xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash borasidagi xayrli ishlarni keng targ‘ib etish va ommalashtirishdir.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.