“Mahallabay” ishlashda quruq va’dalar bo‘lmaydi
Farg‘ona viloyatining chegaradosh hududi – Farg‘ona tumanida 215 ming nafar dan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Albatta, tuman ahlining o‘ziga yarasha yutuqlari bilan birgalikda yechimini kutayotgan muammolari bor. Shu bois, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maxsus shtab tuzilgan bo‘lib, ayni kunlarda «mahallabay» kesimida muammolarni o‘rganish va bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari tumandagi 76 ta mahalla fuqarolar yig‘inining har birida bo‘lib, xonadonma-xonadon aholi vakillari bilan yuzma-yuz uchrashuvlar o‘tkazyapti, muammolarini tinglayapti. Muloqotlarda doimiy ish bilan ta’minlash, kredit olish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun amaliy yordam ko‘rsatish, elektr tayanchlarini yangilash kabi masalalar o‘rtaga tashlanmoqda. Muammolarga mas’ul idoralar ishtirokida darhol yechim izlanmoqda.
Birgina misol, «mahallabay» kesimidagi o‘rganish jarayonida aniqlangan doimiy ish bilan band bo‘lishni istagan fuqarolarning 30 nafari jarayonning ikkinchi kunida tumandagi zamonaviy santexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Ekokerama” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ishga joylashtirildi.
Shuningdek, Marg‘ilon va Tinchlik mahallalarida xonadonma-xonadon yurish jarayonida Sh.Sultonaliyev hamda A.Mo‘ydinovlar ham doimiy ish bilan ta’minlashda amaliy yordam so‘radilar. Ushbu masalaga ham ijobiy yechim topilib, mahallalar yaqinidagi “Shuhrat” xususiy korxonasiga biri sotuvchi bo‘lib, yana biri esa oshpaz bo‘lib ishga joylashdi.
“Mahallabay” ishlash bo‘yicha o‘rganishlar davom ettirilib, “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘iniga borilganda bu yerda istiqomat qiluvchi M.Ro‘zmatova xonadoni elektr ta’minotidan uzilganligi aniqlandi. Ishchi guruh tomonidan darhol mas’ullar jalb etildi hamda elektr ta’minoti tiklandi. Bundan tashqari, tikuvchilik qo‘lidan keladigan xonadon bekasini doimiy daromad bilan ta’minlash uchun tikuv mashinasi homiylar ko‘magida olib beriladigan bo‘ldi.
Ishchi guruh tomonidan “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini Qorovultepa ko‘chasida yashovchi A.G‘ofurov xonadonida ham bo‘lib, fuqaro bilan suhbatlashildi. Aytishicha, xonadonida ko‘p yillardan beri gulchilik bilan shug‘ullanib keladi, lekin oila a’zolaridan hech biri rasmiy ish bilan band emas. “Kelajakda pensiyaga chiqishim mumkinmi?” degan savoliga javob izlayapti. Fuqaroni diqqat bilan tinglagan ishchi guruh vakillari Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi joriy etilganligi hamda qator imtiyozlar berilganligi haqida ma’lum qilindi. Shuningdek, A.G‘ofurov ham faoliyat turi sifatida gullar va dekorativ daraxtlar yetishtirish va sotishni ko‘rsatib o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi va bu orqali pensiyaga chiqish mumkinligi tushuntirildi. Natijada, soliq imtiyozlarini eshitib quvongan A.G‘ofurov va uning turmush o‘rtog‘i o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdilar. Aytish mumkinki, endi ularning faoliyati qonuniylashdi va mehnat stajiga ega bo‘ladilar.
Davlat soliq qo‘mitasining ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona tumanida “mahallabay” kesimida muammolarni aniqlash va bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA