“Mahallabay” ishlash tizimidan iste’molchilar mamnun
Navoiy shahridagi mavjud mahallalar ikkita yirik hududga ajratilgan bo‘lib, har bir hududga tabiiy gaz bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi hudud ustasi, mahalla gazchisi va chilangari kabi lavozimlar bo‘yicha ishchi-xodimlar biriktirilgan. Mahalla fuqarolar yig‘inlarining o‘zida gaz ta’minoti xodimlari uchun alohida xona ajratilib, fuqarolarning gaz bilan bog‘liq muammo va takliflariga shu yerning o‘zida yechim topilmoqda.
2023-yilning 26-sentyabrida davlatimiz rahbari tomonidan mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish, “mahalla yettiligi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘tkazilgan video selektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilangan edi. Shunga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasi tomonidan ham “mahallabay” tizim orqali aholiga xizmat ko‘rsatishi yo‘lga qo‘yildi.

Shahardagi Yangi ariq mahallasida mingdan ortiq iste’molchi istiqomat qiladi. Bu yerda ham ana shunday tizim ish boshladi. Natijada mahallada hudud ustasi, mahalla gazchisi uchun alohida xona ajratildi. Aholi tabiiy gaz bilan bog‘liq muammo va murojaatlarini mahallaga kelib, gazchilar bilan uchrashgan holda hal etishmoqda.
– Yangi ariq mahallasi 1-yirik hududga kiradigan 14 ta mahallalardan biri hisoblanadi, – deydi “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimi, hudud ustasi Xolnazar Temirov. – Har kungi ish faoliyatimiz mahallaga kelib, iste’molchilarning murojaat va muammolarini bartaraf etishdan iborat bo‘ladi. Shu bilan birga xonadonma-xonadon yurib, iste’molchilar bilan suhbat, targ‘ibotlar olib boryapmiz. Bu tizim biz uchun ham, aholi uchun ham qulay bo‘lmoqda.

Hududga biriktirilgan uy ichi gaz jihozlariga servis xizmati ko‘rsatuvchi chilangarlar ham aholi xonadonlaridagi gaz jihozlarini texnik va profilaktik ko‘rikdan o‘tkazishmoqda. Shuningdek, hudud ustasi va mahalla gazchisi xonadonlarga o‘rnatilgan “aqlli” gaz hisoblagichlarning texnik soz holatda ekanini ko‘zdan kechirib, tabiiy gazdan to‘g‘ri va xavfsiz foydalanish bo‘yicha tavsiya va tushunchalar berishmoqda.

– Shu mahallada ancha yillardan buyon yashab kelmoqdaman, – deydi iste’molchilardan biri Ne’mat Jumayev. – Gazchilarning mahallalarga biriktirilgani va mahalla binosida faoliyat olib borishi biz uchun qulay sharoit yaratmoqda. Gaz jihozlari yoki hisoblagich bilan bog‘liq biror savolimiz bo‘lsa, endilikda bemalol hududga biriktirilgan gazchilarga murojaat qilamiz. Shuningdek, soha xodimlaridan kerakli tavsiyalarni olyapmiz. Bu qulaylikdan barcha mahalladoshlar xursandmiz.
Bir so‘z bilan aytganda, “mahallabay” tizimi iste’molchi uchun ham, tizim xodimlari uchun ham muammolarni joyida bartaraf etish, xalq bilan yanada yaqinroq bo‘lish va boshqa jihatlarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri