Mahallabay ishlash tizimi: amaliyot va samara
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mutasaddi vazirlik, tashkilot, idora va hokimliklar zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Jizzax viloyati Arnasoy tumani “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Arnasoy tuman hokimligi, prokuraturasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi, Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, “Zarafshon” MFYga biriktirilgan hokim yordamchisi, mahallalar rais va xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda o‘ndan ortiq murojaatlarning yechimi yuzasidan atroflicha so‘z yuritildi.
– Prezidentimiz videoselektor yig‘ilishida aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyatni o‘rganib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash vazifasini qo‘ydi, – deydi tuman hokimi o‘rinbosari Nasiba Ergasheva. – Davlatimiz rahbari bu ishlarni, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlash kerakligini ko‘rsatib o‘tgani sabab, biz ham ishni tumandagi nisbatan sharoiti og‘ir bo‘lgan “Zarafshon” MFYdan va u yerdagi yoshlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va bartaraf etishdan boshladik. Mazkur yangi – mahallabay ishlash tizimining afzalliklari shundan iboratki, mahallaga chiqib, u yerda aholini qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganib, mutasaddi tashkilotlar bilan masalani joyida bartaraf etib, fuqarolarning mahalliy hokimliklarga bo‘lgan ishonchini qozonish va roziligiga erishishdan iborat.

Ochiq muloqot jarayonida yoshlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlash, bandlik, dehqonchilik qilish uchun yer ajratish, ichimlik suvi, yo‘l hamda moddiy yordam kabi ko‘tarilgan murojaatlarning 7 tasi joyida o‘z yechimini topdi. Muloqot chog‘ida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlarning qolganlari maxsus texnika, ish kuchi, mablag‘ hamda vaqt talab qilgani uchun tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Mutasaddi tashkilot rahbarlariga ijro muddati borasida aniq sana, topshiriqlar yuklatilib, ijrosini nazorat qilish “Zarafshon” MFYga biriktirilgan hokim yordamchisi zimmasiga yuklatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA