“Mahallabay” ishlash tizimi: amaliyot va samara
Toshkent viloyatida aholining turmush sharoitini yaxshilash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholi va uyushmagan yoshlar bilan ishlashda “mahallabay” tizimi amaliyotga joriy etiladi.
Nurafshon shahrida ayni masala yuzasidan o‘tkazilgan seminarda viloyat hokimi Davron Xidoyatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Markaziy bank raisining o‘rinbosari Ayubxon Kamalov, viloyat to‘rtta sektor rahbari, boshqarma va tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor hududda “mahallabay” ishlash tizimini joriy etishda Farg‘ona viloyati tajribasini ommalashtirish, uning yutuqlaridan unumli foydalanishga qaratildi.

Xususan, tuman va shaharlarda aholi sonini aniqlashtirish zarur bo‘lib, “Temir daftar”, “Ayolar daftari” va “Yoshlar daftari”ga takror kiritilmasligi uchun ehtiyojmand, kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan insonlar ro‘yxatini aniq tuzishga yordam beradi. To‘rtta sektor rahbari, uning mas’ullari barcha mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan band bo‘lmagan qatlamini ish bilan ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha o‘rganishlarni olib boradi. Bu bo‘yicha zarur axborotlar to‘planib, “Yo‘l xarita”lariga kiritiladi, ijrosi nazoratga olinadi.

Qayd etilganidek, joylarda “mahallabay” ishlash bo‘yicha o‘rganishlar uch bosqichda amalga oshiriladi. Mahallaga doimiy vakil – bank xodimi, undan so‘ng har bir sektorda bittadan boshqaruv ofisi bo‘ladi. Unda doimiy ishlaydigan mutaxassislar mahallalardan kelib tushayotgan murojaatlarni umumlashtirib, mavjud masala va takliflar asosida sohani rivojantirish dasturini ishlab chiqadi. Shu asosda joylarda bu yil keng qamrovli bunyodkorlik ishlari olib borilishi rejalanmoqda. Shunda mavjud muammolar bartaraf etiladi. O‘z navbatida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha malakali mutaxassislar jalb etiladi.
– Mazkur yo‘nalishda qanday ishlash borasida yetarlicha ma’lumotlarni oldik, – deydi viloyat prokurori katta yordamchisi Farhod Ahmedov. – Amaliyotga tatbiq etilayotgan yangi tizim orqali joylardagi mavjud muammolarni samarali o‘rganamiz. Jumladan, O‘rta Chirchiq tumanida ko‘pchilik aholi mebel, zamonaviy uy jihozlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, boshqa tadbirkorlik yo‘nalishlari, ishlab chiqarish tarmoqlari va issiqxona ishi bo‘yicha ham namunali ishlar qilinmoqda. Aholi bandligini ta’minlaydigan, daromad keltiradigan yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish, ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash asosiy vazifa bo‘ladi. Mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan holda ishlab chiqarish tarmog‘ini kengaytirish, eksport va ichki bozorni arzon, sifatli mahuslotlar bilan ta’minlashga ko‘maklashiladi. Sohadagi muammolarni bartaraf qilish choralari ko‘riladi. Bu jarayonda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tizimli ravishda nazorat qilinadi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan mavzu bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Joylarda yoshlar bandligini ta’minlash, ayrim tumanlarda tijorat banklarining filiallarini tashkil etish, kredit ajratishga yordam berish borasida bildirilgan taklif va muammolar o‘rganildi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA